Ozarbayjon Qorabog‘dagi bir nechta tepaliklar ustidan nazorat o‘rnatilganini ma’lum qildi

Olam

image

Ozarbayjon armiyasi tomonidan o‘tkazilgan “Qasos” operatsiyasidan so‘ng mamlakatning Rossiya harbiylari vaqtincha joylashgan hududlari hamda davlat chegarasida nisbatan xotirjamlik o‘rnatildi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bayonotda aytilishicha, mintaqadagi operativ vaziyat Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalarining to‘liq nazorati ostida.

Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan “Qasos” qarshi operatsiyasi natijasida bir kun avval Qirqqiz, Saribobo va boshqa strategik ahamiyatga ega balandliklar nazorat ostiga olingan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 avgust kuni Ozarbayjon bilan to‘qnashuv chizig‘ida vaziyatning keskinlashishi oqibatida ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, yana 14 nafari yaralangan.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Mudofaa vazirligi xabar qilishicha, ayni vaqtda vaziyat nisbatan sokinlashgan, Tog‘li Qorabog‘ kuchlari rossiyalik tinchlikparvar kuchlar bilan birga vaziyatni barqarorlashtirish ustida ish olib bormoqda. 

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilganini ma’lum qildi. Amaliyot boshlanishiga kecha Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari o‘t ochgani sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida bir nafar harbiy qurbon bo‘lgan.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta qishloqi va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. 
Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

24

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing