Ozarbayjon elchilarini Tehrondan evakuatsiya qilmoqchi
Olam
−
27 yanvar 2023
5486Ozarbayjon Tehrondagi diplomatik vakolatxonaga uyushtirilgan qurolli hujumdan keyin mamlakat elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilmoqchi. Bu haqda bugun, 27 yanvar kuni respublika Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ayxan Hojizoda “TRT Haber” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Ozarbayjon mamlakatning Tehrondagi elchixonasi xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda. Elchixona xodimlarini Ozarbayjonga evakuatsiya qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda”, deydi Ozarbayjon TIV rasmiy vakili.
Uning ta’kidlashicha, Eron mezbon davlat sifatida elchixona xavfsizligini ta’minlashi kerak edi, ammo bu amalga oshmadi. Shuning uchun Ozarbayjon Eron tomondan tegishli choralar ko‘rishni talab qiladi.
Ozarbayjon mazkur holatga javobgar shaxslarni aniqlash va jazolash uchun tegishli xalqaro mexanizmlardan foydalanishini ma’lum qilgan. Rasmiy Boku bunday hujumga yaqinda Eronda o‘tkazilgan Ozarbayjonga qarshi kampaniya sabab bo‘lgan deb hisoblamoqda.
Shuningdek, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi ham holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
“Mamlakatning Erondagi diplomatik vakolatxonasiga tahdid qilishga urinishlar avval ham bo‘lgan. Eronga bu kabi holatlarga qarshi choralar ko‘rish, diplomatik missiya xavfsizligini ta’minlash masalasi doimiy ravishda ko‘ndalang qo‘yiladi. Afsuski, so‘nggi terrorchilik hujumi bizning qat’iy murojaatlarimizga Eron tomonidan yetarlicha e’tibor qaratilmaganini ko‘rsatadi”, deyiladi Ozarbayjon TIV bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga hujum bo‘lgani, oqibatda 1 kishi halok bo‘lgani, yana 2 kishi yaralangani xabar berilgandi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi