Ozarbayjon AQSH bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqmoqchi

Olam

image

Ozarbayjonda 43 nafar deputat mamlakat Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovga AQSH bilan hamkorlikni qayta ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qildi. Bu haqda “Trend” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, mazkur murojaatda AQSH bilan hamkorlikni qayta ko‘rib chiqish uchun ba’zi choralar ko‘rish so‘ralgan. Jumladan, 1997 yilda imzolangan “Kelajakdagi harbiy va mudofaa aloqalari to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot”ni va 2013 yilda Ozarbayjon va AQSH mudofaa vazirliklari o‘rtasida imzolangan jihozlar xaridi va o‘zaro xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvni bekor qilishga chaqirilgan.

Qayd etilishicha, bu AQSH Kongressi a’zolari tomonidan AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken nomiga yuborilgan murojaatga javoban qilingan.

“Shuni aniqlashtirish kerakki, biz bu murojaat Davlat departamenti tomonidan tashkil etilganiga shubha qilmaymiz. Ozarbayjonga nisbatan irqiy diskriminatsiyani o‘z ichiga olgan ushbu murojaat tuhmat bilan to‘la, muloqot ruhiga zid. U qabul qilib bo‘lmaydigan va xalqaro huquqqa qarama-qarshi bo‘lib, Qo‘shma Shtatlar ikki tomonlama munosabatlarning silliq davom etishidan manfaatdor emasligini ko‘rsatmoqda”, deyiladi murojaat maktubida.

Bundan tashqari, ular Vashingtonning Yerevanga katta moliyaviy yordam ajratib, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida ziddiyat qo‘zg‘ashga urinishini ta’kidlagan. Parlament a’zolariga ko‘ra, bu yordam Armanistonni qayta qurollantirishga yordam bergan va uni tinchlik muzokaralarida konstruktiv bo‘lmagan pozitsiyani egallashga undagan. Shuningdek, ular Qo‘shma Shtatlar Janubiy Kavkazga geosiyosiy raqobatni olib kirib, mintaqada bo‘linish chiziqlarini yaratayotganini bildirgan.

Ma’lumot uchun, 3 oktyabr kuni taxminan 60 nafar amerikalik kongressmen AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenga murojaat qilib, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga inson huquqlarini himoya qilishni qo‘llab-quvvatlash va kelasi oy mamlakat poytaxti Baku shahrida bo‘lib o‘tadigan COP29 iqlim sammiti arafasida siyosiy mahbuslarni ozod qilish uchun bosim o‘tkazishni so‘ragan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ozarbayjon Jayhun Bayramov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing