Ozar-arman ziddiyati: Pashinyan o‘z o‘g‘lini harbiy asirlarga almashtirmoqchi

Olam

image
0:00
0:00
download
Qorabog‘da ozarbayjonlik ikki jurnalist minada portlab halok bo‘ldi north_east

Qorabog‘da ozarbayjonlik ikki jurnalist minada portlab halok bo‘ldi

Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan o‘z o‘g‘lini Ozarbayjonda harbiy asirlikda ushlab turilgan armanistonlik askarlarga almashtirishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda Pashinyanning o‘zi kecha, 8 iyun kuni Armanistonning Aparane shahrida o‘z tarafdorlari bilan bo‘lgan uchrashuvda aytib o‘tdi.

“Va men [Ozarbayjon Prezidenti Ilhom] Aliyevga rasmiy ravishda aytaman: barcha mahbuslar evaziga o‘g‘limni taklif qilaman”, deydi Pashinyan.

U almashinuv jarayonini olib borishni o‘zining parlament saylovlaridagi raqiblari — sobiq Prezidentlar Serj Sargsyan va Robert Kocharyanga topshirishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Pashinyanning yuqoridagi qaroriga Sargsyanning tanqidi sabab bo‘lgan. Gap shundaki, dastlab, Pashinyan Ozarbayjonda tutqunlikda saqlanayotgan armanistolik harbiylar yana bir yoki ikki oy kutib turishi mumkinligi haqida bayonot bergan. Bunga javoban, Armanistonning sobiq Prezidenti, muxolifatchi Serj Sargsyan Pashinyanni tanqid qilib, o‘g‘lini arman askarlariga almashtirishni taklif qilgan.

Pashinyanning o‘g‘li Ashot esa o‘zining Facebook’dagi sahifasida bunday almashinuvni amalga oshirishga tayyorligini yozgan. Ozarbayjonnning “qo‘lida” qancha armanistonlik harbiylar tutqunlikda ushlab turilgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Biroq, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ularning soni 100 ga yaqin bo‘lishi mumkin. 

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuv

O‘tgan 2020 yilning 27 sentyabrida boshlangan 44 kunlik urush yakuniga ko‘ra, Ozarbayjon Armaniston ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Bu urushga ozarlar o‘zlariga tegishli bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ mintaqasidagi yerlarni qaytarib olish uchun kirdi. Urush natijasiga ko‘ra, Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka, 286 ta qishloq va ko‘plab strategik muhim tepaliklarni Armanistondan ozod qildi.

Armaniston urush tugagach Ag‘dam, Lochin va Kalbajar tumanlarini Ozarbayjonga topshirdi. Arman harbiylari Ag‘damni 2020 yil 20 noyabarda, Kalbajarni 25 noyabrda va Lochinni 1 dekabrda tark etdi. Mag‘lubiyat oqibatida Armanistonda ichki siyosiy muhit buzildi, amaldagi hukumat bir qator siyosiy tebranishlarni boshdan kechirdi. Bosh vazir Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilgan norozilik namoyishlari bir muddat mamlakatni qamrab oldi. 

Armanistonda favqulodda o‘tkazilayotgan parlament saylovlari haqida

O‘tgan 2020 yilning noyabr oyida Armanistonda boshlangan siyosiy inqiroz fonida hukumat raisi va parlamentga saylangan partiyalar rahbarlari muddatidan oldin parlament saylovini o‘tkazishga kelishib oldi. Armaniston Prezidenti Armen Sarkisyan muddatidan oldin saylovlar kunini 20 iyunga belgilab qo‘ydi. Bosh vazir Nikol Pashinyan va Vazirlar Mahkamasining a’zolari saylovgacha o‘z vazifalarida qoladigan bo‘ldi.

Photo: Armanistonning II va III Prezidentlari: Robert Kocharyan va Serj Sargsyan

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Pashinyanning saylovdagi asosiy raqiblaridan biri — “Dashnaksutyun” va “Qayta jonlanayotgan Armaniston” partiyalari rahbarlari bilan birgalikda “Armaniston” blokini yaratgan Robert Kocharyan bo‘ladi.

Bundan tashqari Armaniston Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Artur Vanetsyan boshchiligidagi “Rodina” partiyasi bilan blok yaratgan sobiq Prezident Serj Sargsyanning Respublikachilar partiyasi ham saylovlarda ishtirok etadi. 

Muxolifatdagi “Obod Armaniston” va “Nurli Armaniston” partiyalari ham saylovlarda ishtirok etishini e’lon qilgan, ammo ular hech qanday bloklarga qo‘shilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

113

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing