Oyga qo‘nish poygasi: Xitoy bir yillik kosmik missiyani boshladi
Texnologiya
−
25 may 535 2 daqiqa
Xitoy “Tyangun” orbital stansiyasiga uch nafar fazogirdan iborat ekipajni olib ketuvchi “Shenchjou-23” kemasini uchirdi. Ekipaj a’zolaridan biri Xitoy kosmonavtikasi tarixida ilk bor stansiyada butun bir yilni o‘tkazadi – bu Xitoy uchun eng uzoq davom etadigan boshqariladigan kosmik missiya bo‘ladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
“Long March-2F” raketasi kecha, 24 may kuni Szyutsyuan kosmodromidan start olgan. Ekipaj tarkibidan qo‘mondon Chju Yanchju, uchuvchi Chjan Yuanchji va foydali yuk bo‘yicha mutaxassis Li Szyain o‘rin olgan. Li Szyain – Gonkong politsiyasining sobiq inspektori bo‘lib, u Xitoyning kosmik missiyasiga yo‘l olgan ilk Gonkong vakiliga aylangan. Stansiyada aynan kim bir yil davomida qolishini Xitoy kosmik agentligi parvoz davomida keyinroq hal qiladi.
“Shenchjou-23” missiyasi davomida Xitoy kelajakdagi Oy dasturi uchun zarur bo‘lgan avtomatik tutashish texnologiyalarini sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Olimlar koinotda uzoq vaqt qolishning inson organizmiga ta’sirini, jumladan, radiatsiya ta’siri, suyak massasining yo‘qolishi va psixologik stressni tadqiq qiladi.
Ushbu missiya Xitoy va AQSH o‘rtasida insonni Oyga qaytarish bo‘yicha kuchayayotgan raqobat fonida bo‘lib o‘tmoqda. Aprel oyida NASA Artemis II missiyasini muvaffaqiyatli yakunlagan edi – bu oxirgi 50 yildan ortiq vaqt ichida Oy atrofini boshqariladigan kemada aylanib chiqish bo‘yicha ilk parvoz bo‘ldi. To‘rt nafar astronavt parvozda qariyb 10 kun bo‘ldi va 1,1 million kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi.
Shu bilan birga, fevral oyida NASA Space Launch System raketasidagi texnik muammolar sababli astronavtlarning Oyga ilk qo‘nishini 2027 yildan 2028 yilga ko‘chirgan. Xitoy esa 2030 yilgacha Oyga o‘z fazogirlarini qo‘ndirishni va 2035 yilga borib Rossiya bilan hamkorlikda Oyda doimiy baza yaratishni ko‘zlamoqda.
Live
Barchasi