Oyda ikkita yangi mineral aniqlandi

Bu qiziq

image

Xitoylik olimlar Oydan olingan namunalar tarkibida ilgari noma’lum bo‘lgan ikkita yangi mineral borligini aniqladi. Bu haqda Sichuan provinsiyasining Chendu shahrida o‘tkazilgan 11-Xitoy Kosmik kuni ochilish marosimida e’lon qilingan.

Chang’e-5 kosmik apparati tomonidan olib kelingan tosh va tuproq namunalarida fosfat turkumiga mansub minerallar aniqlangan bo‘lib, ularga magniochangizit-(Y) va changizit-(Se) deb nom berilgan.changizit-(Se)

Nodir yer fosfatlari toifasiga kiruvchi ushbu minerallar Xalqaro mineralogiya assotsiatsiyasining Yangi minerallar, nomlar va tasniflash bo‘yicha komissiyasi tomonidan tasdiqlanib, rasmiy ravishda tasniflangan.

Ushbu ikki mineral Xitoy tomonidan Oy namunalarida aniqlangan ikkinchi va uchinchi yangi minerallar hisoblanadi. Xitoylik olimlar avvalroq, 2022 yil sentyabr oyida Oy namunalarida changizit-(Y) deb nomlangan fosfat mineralini ham aniqlaganini bildirgan edi.

Yangi kashfiyotlar bilan birga, hozirgacha Oyda aniqlangan minerallar soni 8 taga yetdi. Xitoydan avval AQSH va Rossiya Oy yuzasidan tosh va tuproq namunalarini olib, mineral kashfiyotlar bo‘yicha yetakchilik qilgan.magniochangizit-(Y)

Ma’lumot o‘rnida, Xitoy Oy yuzasidan tosh va tuproq namunalarini yig‘ish maqsadida Chang’e-5 kosmik apparatini 2020 yil noyabr oyida Oyga yuborgan edi. Ushbu apparat 1,73 kilogramm tosh va tuproq namunalarini yig‘ib, 2020 yil dekabr oyida Yerga qaytgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 aprel kuni Artemis II missiyasi Orion kosmik kemasida ekipajdagi to‘rt nafar astronavt bilan Yer yuzidan taxminan 406-407 ming kilometr uzoq masofaga parvozni amalga oshirgandi. Shu tariqa Appolo 13 missiyasi tomonidan o‘rnatilgan 1970 yildagi rekord yangilangan. Yangi missiya avvalgisidan taxminan 4-6 ming kilometr uzoqroq masofani bosib o‘tgan.

Missiyaning avvalgisidan asosiy farqi shundaki, kosmik kema Oyga qo‘nmasdan, uning Yerga ko‘rinmaydigan qismini suratga olishi va aylanib o‘tishi kerak edi. NASA’ga ko‘ra, parvoz kutilganidan ham muvaffaqiyatliroq tarzda amalga oshirilgan. 

Xususan, Artemis II missiyasi astronavtlari Oyning orqa tomonidan Yerga qaralganda sayyoraning botishi qanday ko‘rinishi aks etgan fotosuratlarni ham e’lon qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Oy yangi mineral

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing