Oybek Tursunovning kompaniyasi “KapitalBank”ning aksiyalarini sotib oldi

Jamiyat

image

Oybek Tursunov va Ismoil Murodov ta’sischisi hisoblangan "Promadik Invest" kompaniyasi “KapitalBank"ning 36 foiz aksiyasini sotib oldi. “Toshkent” Respublika fond birjasi ma’lumotlari bu haqda guvohlik bermoqda. Bu boradagi kelishuvga 5 kuni erishilgan.

E’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, kompaniya 40 million 135 ming 986 dona aksiyasiga ega bo‘ldi. Bunga qadar 18 foiz aksiya "Optima Leasing", 10 foiz aksiya "East West Invest" va 7 foiz aksiya "Kapital Sug’urta" va "Express Leasing" kompaniyalariga tegishli edi. 58 foiz aksiyalar egasi sifatida “aksionerlar” ko‘rsatilgan.

Bank kuzatuvchilar kengashi tarkibidan "Promadik Invest" vakili Aleksey Faritovich Gubaydulin nomi o‘rin olgan.

Korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, "Promadik Invest" kompaniyasi 2007 yilda tashkil etilgan. Ustav fondi — 399 mln so‘m. Asosiy faoliyat turi sifatida qishloq xo‘jaligi texnikalari ijarasi va lizingi ko‘rsatilgan. Kompaniyaning 95 foiz aksiyalari Oybek Botirovich Tursunov, 5 foiz aksiya esa Ismoil Fozilovich Murodovga tegishli.

“Kapitalbank” — O‘zbekistondagi xususiy tijorat banklaridan biri. 2004 yilda u “Aviabank” bilan birlashib, aksionerlik tijorat bankiga aylangan. Bank boshqaruvi raisi — Kim Oleg Romoaldovich.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, “KapitalBank" toshkentlik taniqli tadbirkor, mamlakatning badavlat shaxslaridan biri – “Botir alyuminiy” nomi bilan tanilgan Botir Rahimovga tegishli bo‘lgan. U bundan uch yil avval rossiyalik taniqli o‘zbek milliarderi Alisher Usmonovning sobiq kelini – marhum jiyani Bobur Usmonovning bevasi Diyora Usmonovaga uylangan edi. Shundan so‘ng mamlakatni tark etgan Botir Rahimov turmush o‘rtog‘i bilan Turkiyaning Istanbul shahrida yashab kelmoqda. Bu orada unga tegishli bo‘lib kelgan "O‘zbekiston" mehmonxonasi ham sotuvga qo‘yilgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

289

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing