OTMlar joylashuvining yo‘llardagi tirbandlikka ta’siri o‘rganildi

Jamiyat

image

Oliy ta’lim muassasalari joylashuvining shaharlar holatiga, xususan, tirbandlik muammosiga ta’siri o‘rganildi. Ushbu o‘rganish Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan amalga oshirildi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, ta’lim muassasalari rivojlanishning asosi hisoblangani uchun ularni oqilona joylashtirish shaharsozlikning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi. Masalan, 2012 yilda Moskvada yo‘llardagi yuklamani kamaytirish maqsadida 2020 yilgacha mavjud beshta yirik poytaxt universiteti uchun Moskva halqa yo‘li tashqarisida o‘quv kampuslar qurish rejalashtirilgan.

Xususan, bir nechta nufuzli OTMlar optimallashtirishga qaror qilingan. Shuningdek, jahonning QS World University Ranking reytingidagi 25 ta eng nufuzli oliygohning 9 tasi poytaxt shaharlarda va qolgan 16 tasi poytaxt shaharlardan tashqarida joylashgan.

Tadqiqotda Toshkent shahri yo‘llarining tirbandlik darajasi, yo‘llardagi o‘rtacha tezlik,tirbandlik mavjud yo‘llar uzunligi, ijtimoiy so‘rovnoma natijalari shartlar bo‘yicha baholangan.

Tirband yo‘llar uzunligi QGIS dasturi vositasida QuickMapServices ma’lumotlari asosida o‘lchangan. Tirbandlik xaritasi bo‘yicha avtomobil yo‘lda 10 km/soatdan kam tezlikda harakatlansa – to‘q qizil, 10-25 km/soat oraliqdagi tezlik – qizil, 25-45 km/soat oraliq – sariq va 45 km/soatdan yuqori tezlik – yashil rangda ifodalanadi. Shuni inobatga olib, faqat qizil va to‘q qizil rangli yo‘llar tahlil qilingan.

Natijalarga ko‘ra, bugungi kunda shaharda tirbandlik yuqori yo‘llarning jami uzunligi 120 kilometrdan oshib, bu Toshkentdan Gulistongacha bo‘lgan masofadan (119 km) ham ortiq. Respublika OTMlarining 43 foizi Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, jami talabalarning 34 foizi (354 ming) poytaxtda tahsil oladi.

So‘rovnoma ishtirokchilarining 47 foizi tirbandlikni keltirib chiqaruvchi uch asosiy sababdan biri sifatida aynan o‘qishga qatnovchilar tufayli faollikning ortish holatlarini qayd etgan. So‘rovda ishtirok etgan talabalarning 78 foizi tirbandlikni asosiy muammolardan biri deb baholagan.

Talabalarning 9,3 foizi bo‘sh vaqtlarida kirakashlik qilishini bildirib, ularning 91 foizini Toshkentga boshqa hududdan kelgan talabalar tashkil etgan.

“Talabalar uchun o‘qish davridagi faollikning ortishi o‘ta tirband yo‘llar uzunligi 8,5 kmdan 11,3 kmgacha oshishiga sabab bo‘ladi. O‘qish davrida tirbandlikning ortishi sababli 1 yilda atmosferaga qo‘shimcha 507 tonna SO2 ajralib chiqib, bu holat qo‘shimcha 19 031 tup daraxt ekish yoki 53 gektar yashil hudud barpo etishni talab qiladi”, deyiladi tadqiqotlar instituti xabarida.

OTMlarning poytaxtda markazlashgani sababli boshqa hududlardagi ko‘plab yoshlar Toshkent shahriga kelib ta’lim olishiga to‘g‘ri kelmoqda. Toshkent shahrida narxlarning boshqa hududlarga nisbatan yuqoriligi, talabalar turar joylarining yetishmasligi va ijara narxining balandligi ta’lim harajatlari bir necha barobarga ortib ketishiga olib kelmoqda.

Iqtisodiyotning ma’lum tarmog‘i uchun mutaxassislar tayyorlovchi ta’lim muassasalarini shu tarmoqqa ixtisoslashgan hududlarga joylashtirish fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlab, ta’lim sifatini oshirishga yordam beradi.

Shu bilan birga, OTMlar atrofida xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining ko‘payishi hududlarning iqtisodiy rivojlanishiga multiplikativ ta’sir qilib, hududlararo tabaqalashuv darajasi qisqaradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing