OTM talabalariga 2-kursdan boshlab ishlashiga ruxsat berilishi mumkin
Jamiyat
−
13 aprel 2023
7267O‘zbekistonda talabalarga 2-kursdan boshlab OTM rahbari tomonidan berilgan sertifikat asosida mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlashiga ruxsat etilishi rejalashtirilayapti. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari talabalarini mutaxassisligi bo‘yicha ishlashiga imkoniyat yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilindi.
Keltirilishicha, bundan ko‘zlangan maqsad Mehnat kodeksiga muvofiq, oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash, ta’lim bilan birga ishlashiga va qo‘shimcha daromad topishiga imkoniyat yaratishdir.
Qaror loyihasiga ko‘ra:
- oliy ta’lim muassasalari talabalarini ikkinchi kursdan (ayrim ta’lim yo‘nalishlarida ikkinchi kursdan keyingi kurslardan) boshlab oliy ta’lim muassasasi rahbari tomonidan berilgan sertifikat asosida mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlashiga ruxsat etiladi;
- haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyoti va haq to‘lanadigan stajirovka o‘tayotgan talabalarni ishga qabul qilishda sertifikat talab qilinmaydi;
- talabalarni sertifikat asosida mutaxassisligi bo‘yicha ishlashiga faqat oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan davrida ruxsat etiladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi talabalarga mutaxassisligi bo‘yicha ishlash huquqini beruvchi sertifikat berish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi:
- sertifikat beriladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati;
- sertifikatni ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qaysi kursdan boshlab berilishi;
- sertifikatni berishda inobatga olinadigan holatlar.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi oliy ta’lim muassasalari talabalarini o‘qish davrida mutaxassisligi bo‘yicha ishlashini inobatga olib, 2024 yilga qadar xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining klassifikatorini hamda malaka darajalariga erishish sxemasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish choralarini ko‘rib chiqadi.