Otamning oyoq-qo‘lini bog‘lab qo‘yishgandi – vafot etgan blogerning o‘g‘li shifokorlarni ayblamoqda 

Jamiyat

image

Qo‘qonlik bloger, Facebook’dagi “Qo‘qonjonim” sahifasining moderatori Iqboljon Komiljonov shifokorlarning ishiga loqaydligi sababli o‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda marhumning o‘g‘li Jahongir Komiljonov QALAMPIR.UZ jurnalisti bilan suhbatda aytib o‘tdi.

“Dadamning ichaklari og‘rib turgandi. Og‘riq faqat ichaklarini o‘zida edi. Shu sabab dadamni operatsiya qildirmoqchi bo‘ldik. Dastlab Proktologiya bo‘limiga joylashtirdik. Bosh “vrach” operatsiyaga tayyorlaymiz deb, retseptlar yozib berdi. Dorilarni olib kelib berdim. Ular na o‘pkani tekshirishdi, na boshqa organlarining ahvoliga e’tibor berdi. Oradan vaqt o‘tib, umumiy analiz topshirdi. Bir kun ichida dadamga ikki tomonlama pnevmoniya, qandli diabetning 2-turi, yurak ishemik kasalligining ikkinchi turi hamda nafas va qon aylanish tizimining buzilishi kabi tashxis qo‘yildi. Bilamizki, pnevmoniya bo‘lgan odamga osma ukol (kapelnitsa) qilish mumkin emas. Lekin dadamga 1 litr kapelnitsa quyishdi, 2 ta shpritsda ukol qilishdi. Bechora dadam bezovta bo‘lib, upkalarini “ushlab” qoldi. Hattoki, 4 marta sistemani uzib tashladi. Shunda ham hamshira “operatsiyaga tayyorlashimiz kerak” deb ukol qildi. Keyin dadam alahsiray boshladi. Shundan keyin ahvoli juda ham yomonlashdi”, deydi Jahongir Komiljonov.

Marhum blogerning farzandiga ko‘ra, uning otasi uydan ketganida faqat ichagida og‘riq sezgan. Ammo shifoxonaga borib ahvoli yanada yomonlashgan. Ayniqsa, jonlantirish bo‘limiga joylashtirilgandan so‘ng, umuman gapira olmaydigan holatga kelgan. Pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan bo‘lishiga qaramasdan bemorga osma ukol (kapelnitsa) quyilgan. Jahongir Komiljonov hattoki doktorlar bemorning oyoq-qo‘lini ham bog‘lab qo‘yganini aytmoqda.

“8 kun shifoxonada yotdi. Dastlab palataga joylashtirganimizdan so‘ng, jonlantirish bo‘limiga olib o‘tildi. Reanimatsiyaga ketayotgan vaqtda alahsirayotganiga qaramasdan gapga tushunayotgandi, ahvoli yaxshiroq edi. Ammo reanimatsiyaga kirgandan so‘ng, ahvoli juda og‘irlashib, kundan-kunga yomonlasha boshladi. Aslida davolanishi va tuzalishi kerak edi, lekin aksi bo‘ldi. Jonlantirish bo‘limiga kirgan kunning ertasigayoq o‘zi umuman gaplashib bo‘lmasdi. Bu ham yetmagandek doktorlar dadamni oyoq-qo‘llarini ham bog‘lab qo‘yibdi. Sababi, kapelnitsa yuborayotganida bezovtalanib, doktorlarga halaqit bergan ekan. Dadamni joni og‘rigan, chiday olmagan og‘riqqa. Bog‘lab qo‘ygandan keyin undan-da battar qiynalgan. Doktorlarga “nega bog‘lab qo‘yasiz, undan ko‘ra tinchlantiradigan ukol qiling, uxlatadigan ukol qiling, muloqot qila olmaydigan holatidan foydalanib bog‘lamasdan” dedim. Koma holatga tushib qolgan, ovqatni ham sun’iy ravishda bergan, “zont” orqali yedirgan”, deydi marhum bloger Iqboljon Komiljonovning farzandi.

Jahongir Komiljonov otasi zaharlangani haqidagi xabarlar ichagida muammosi bo‘lgani uchun tarqalgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Shuningdek, u otasining blogerlik faoliyati haqida gapirib, so‘nggi vaqtlarda Qo‘qon shahar Xalq ta’limi bo‘limi mudiri faoliyatini bir necha bor tanqid qilganini ta’kidladi. Biroq, Jahongir otasining o‘limini tanqidiy chiqishlari bilan emas, shifokorlarning harakati bilan bog‘lamoqda.

“Shifokorlarni deb bo‘ldi. Hammasi ularni o‘ylamasdan qilgan muolajalarini deb bo‘ldi. Aslida bunaqa be’etibor bo‘lmasligi kerak edi. Ommaviy axborot vositasiga aytayotganim, doktorlar bundan buyog‘iga yaxshi qarasin, e’tiborli bo‘lsin, bu xatoni takrorlamasin. Hozir agar xatosini tushunsa, keyingi safar o‘ylab ish qiladi”, deydi Jahongir Komiljonov.

Eslatib o‘tamiz, Facebook’dagi “Qo‘qonjonim” sahifasining moderatori Iqboljon Komiljonov joriy yilning 7 sentyabr kuni shifoxonaga yotqizilgandi. Shundan so‘ng, unga ovqatdan zaharlanish tashxisi qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi. Joriy yilning 15 sentyabr kuni esa Iqboljon Komiljonov vafot etgani haqida xabar berildi.

Ayni vaqtda blogerning o‘limi yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Marhumning o‘lim sabablarini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

738

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing