Ota-ona qaramog‘isiz qolgan 11 bola O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
14:14 359 1 daqiqa
Ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 11 nafar voyaga yetmagan o‘zbekistonliklar xorijdan qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan hafta davomida ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilgan. Jumladan, 9 nafar bola Rossiyadan, 2 nafari esa Qozog‘istondan O‘zbekistonga olib kelingan.
Bolalarni ortga qaytarish ishlari Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan. Bunda Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) ko‘magida xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilingan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonga qaytarilgan bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni oilaviy muhitga qaytarish hamda zarur ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
“Bolalarning keyingi holati va oilaga moslashuvi ularning yashash manzili bo‘yicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy hamrohlik asosida kuzatib boriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning turli hududlarida ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoki og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarolarining 12 nafar voyaga yetmagan farzandi ortga qaytarilgani haqida xabar berilgan edi.