Ota farzandiga beradigan eng yaxshi hadya – tarbiya

Jamiyat

Bismillahir rohmanir rohiym. Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ga salotu durudlar bo‘lsin. Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuh. 

Azizlar, bugungi suhbatimiz farzandlarga ota-onaning ta’limi haqida bo‘ladi. Har bir ota o‘z oilasining rahbaridir. Hattoki Qur’oni Karimda ham erkaklar ayollarning ustidan rahbar ekanliklari aytilgan. Ammo buni noto‘g‘ri ma’noda tushunmaslik kerak. Ya’ni, rahbar deganda o‘z ayoli va bolalariga xohlagancha taqiq qo‘yib, ularni istagancha tasarruf qilishi nazarda tutilmaydi. Rahbarlik degani shu oilaning mas’uliyatini his qilishdir. Bu mas’uliyatning eng muhim tomoni farzandlar tarbiyasi va ta’limidir.

Alloh taolo Qur’oni Karimda “Ey, iymon keltirganlar! O‘zingizni ham, ahlingizni ham do‘zax otashidan saqlang”, deya marhamat qiladi. Ota oiladagi rahbar o‘laroq o‘z ahlini, ya’ni ayoli va farzandlarini do‘zax oloviga boshlovchi yomon amallardan tiyilishga undashi lozim. Ulamolarimiz aytishganki, oila qurilganda agar ayolning diniy bilimlari yetarli bo‘lmasa, unga diniy ta’lim berish erning zimmasiga tushadi. Xoh o‘zi o‘rgatsin, xoh ustoz yollasin. Ushbu diniy ta’lim “farz” va “vojib”lardan iborat. Shuningdek, farzandlarga diniy ta’lim berish haqida gapiradigan bo‘lsak, ushbu ta’lim ham diniy, ham dunyoviy bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Har biringiz qo‘l ostingizdagilarga mutasaddidirsiz”, deganlar. Erkak kishi o‘z ahliga, ya’ni ayoli va farzandlariga mas’ul va mutasaddi hisoblanadi.

Bugungi kunda esa ba’zi erkaklar farzandlari va ayoliga befarq bo‘lib bormoqda. Oila rahbari bo‘la turib, oilaning yukini ayoliga yuklab qo‘yishmoqda. Buning natijasida esa ayrim ayollar oilaning moddiy ta’minotini qilish uchun chet davlatlarga ishlash uchun chiqib ketishmoqda. Bu esa shar’iy jihatdan xatodir. Shuningdek, musulmon erkak ayoliga nisbatan rashkli bo‘lishga buyurilgan. Rashksiz erkak esa dinda qoralandi. Rashk biror erkak o‘z ayolining shar’iy jihatdan noto‘g‘ri harakatlariga qarshilik qilishidir. Shar’iy jihatdan noto‘g‘ri harakatlar bu– ayolning avratlari ochiq-sochiq holda kiyinishi, nomahramlar oldida bemalol, tortinmasdan gapirishi va yana shu kabi holatlardir. Bu avvalo Alloh taoloning g‘azabini keltirgani uchun er bundan ayolini himoya qilishi kerak. 

Ko‘pchilik erkaklar farzandlar ta’limi va tarbiyasi bilan ayol kishi shug‘ullanishi kerak deb hisoblashadi va bu masalani ayol kishiga tashlab qo‘yishadi.  Ota farzandlariga ta’lim berishi kerak. Hadislarda “Otaning o‘z farzandiga beradigan eng yaxshi hadyasi bu– tarbiyadir”, deya marhamat qilingan. Bizga ba’zi onalar turmush o‘rtog‘i ishdan qaytganidan keyin farzandlariga umuman e’tibor qaratmasligini, ishdan kelishi bilan charchaganligini aytib xonasiga kirib ketishini yozishgan. Na ayoliga qaraydi, na bolalariga. Ishdan charchab kelgandir, ammo biroz orom olgandan keyin farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerak. Hech bo‘lmaganda bir kunda bitta oyatning mazmunini tushuntirib berishi lozim. Farzandlariga din ahkomlaridan ta’lim bersin, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ning shaxsiyatlarini tanitsin. 

Farzand tarbiyasiga keladigan bo‘lsak, unda otaning o‘rni alohida. Ona otaning o‘rnini bosa olmaydi. Chunki farzand ko‘proq onaga xarxasha qiladi, unga erkaligini ko‘rsatadi. Ammo otaning oldida o‘zini tiyadi. Agarda ota farzand tarbiyasini to‘laligicha ona zimmasiga tashlab qo‘ysa, bola xulq-atvorida nuqsonlar paydo bo‘ladi. Ona ham farzand tarbiyasiga mas’uldir. Ularga tarbiya berayotgan onaning, avvalo o‘zining ham tarbiyasi va odobi havas qiladigan darajada bo‘lishi lozim. Odamlar orasida ayol o‘qimasligi kerak degan tushuncha bor. Ayol o‘qimasa, bilimli bo‘lmasa, kelajakda ona bo‘lganida unday ilmsiz ayol o‘z farzandiga qanday qilib tarbiya berishi mumkin?!

Ba’zi oilalarda ota-ona va farzand o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lmoqda. Bunga sabab esa ota-onalarning o‘zlari aytgan gapiga o‘zlari amal qilmasligidir. Masalan, telefonni ko‘p o‘ynamasligini aytishadi-da, lekin o‘zlari o‘rnak bo‘lishmaydi. Ota-ona farzandlar uchun o‘rnak bo‘lishi kerak. Vassalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuh.

Odinaxon Muhammad Sodiq


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

67

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing