Ot izini toy bosadimi yoxud “Mehribon Arqadag‘” taxtining vorisi kim?

Tahlil

image

Kecha, 2022 yil 11 fevral kuni kutilmagan qarorlari va serqirra qiziqishlari bilan Markaziy Osiyo va dunyoning ko‘plab davlatlarida yaxshi tanilgan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z lavozimidan ketishini ma’lum qildi. U Turkmaniston yuqori palatasining navbatdan tashqari yig‘ilishida, davlat boshqaruvini ma’naviy muhitda va zamonning yuksak talablari asosida tarbiyalangan yosh yetakchiga berishini aytdi. Qiziq, nega birdan “Arqadag‘” hokimiyatdan ketmoqchi, uning o‘rnini kim egallaydi?

Berdimuhamedov kim? U qanday qilib hokimiyatga kelgan edi? Agar u hokimiyatdan ketsa, o‘rnini kim egallaydi? Bugun shular haqida so‘z yuritamiz. 

“Arqadag‘”ning bolaligi

Gurbanguli Berdimuhamedov 1957 yil 29 iyun kuni Ashxoboddan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan Babaarap qishlog‘ida o‘qituvchilar oilasida dunyoga kelgan. Uning oilasi turkman qabilasining Axaltekin urug‘idan hisoblanadi. Berdimuhamedovning ota-onasi haqida to‘liq ma’lumot yo‘q. 

Berdimuhamedovning otasi – Myalikguli Berdimuhamedov o‘qituvchi bo‘lib bir muddat maktabda tarix fanidan dars bergan. Keyinchalik, u SSSR Ichki ishlar vazirligida xizmat qilib, podpolkovnik unvoni bilan nafaqaga chiqqan.

Berdimuhamedovning onasi – Ogulabat Berdimuhamedova-Kurriyeva maktabda muallima edi. 

“Arqadag‘” haqida bir-birini inkor etuvchi ma’lumotlar mavjud. Xususan, ayrimlar manbalarda, u Turkmanistonning sobiq Prezidenti Saparmurod Niyozovning noqonuniy o‘g‘li ekanligini ta’kidlanadi.

Bo‘lajak rahbar oilada yagona o‘g‘il bo‘lib, uning Gulnabot, Durdinabot, Guljamol, O‘g‘iljamol, Mehri ismli besh opasi bor. Muallima ona yagona o‘g‘liga yaxshi ta’lim berdi. Berdimuhamedov maktabni a’lo baholarga bitirgach, u odamlarga shifo beruvchi doktor bo‘lishga qaror qildi. Shifokor bo‘lishni maqsad qilgan Gurbanguli, 1972 yilda Turkmaniston davlat tibbiyot institutining Stomatologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. U 23 yoshida oliygohni tamomlab, Errik-Qal’a qishloq ambulatoriyasida stomatolog bo‘lib ish boshladi. Uch yildan so‘ng Berdimuhamedov Ashxobod viloyati tuman poliklinikasining bosh stomatologi lavozimiga tayinlandi.

Siyosiy karera

1985 yilda Berdimuhamedov Markaziy tuman shifoxonasi Stomatologiya bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlandi. 1987 yilda Moskvada uch yil o‘qib, fan nomzodi ilmiy darajasini himoya qildi. U mamlakatga qaytgach, Turkmaniston davlat tibbiyot institutining Stomatologiya fakulteti dekani martabasiga ko‘tarildi. U bu rahbarlik kursisida ikki yil ishladi. O‘zining harakatchanligi bilan yuqoridagilarning nazariga tushgan Berdimuhamedov, 1997 yilda Turkmaniston Sog‘liqni saqlash va tibbiyot sanoati vaziri etib tayinlandi. 

Birma bir yuqori mansab cho‘qqilarini zabt etib kelgan “Arqadag‘”, 2001 yilda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari kursisini ham egalladi. Niyozov Berdimuhamedovni o‘zidan keyingi rahbar sifatida tarbiyaladi. U bo‘lajak rahbarni turli Xalqaro yig‘ilishlarga o‘zining o‘rinbosari sifatida yubordi. Xususan, 2006 yilning noyabr oyida Berdimuhamedov Minskda bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) sammitida Turkmaniston vakili bo‘lib qatnashdi.

Prezidentlikka qadam

2006 yil 21 dekabr kuni Turkmanboshi – Prezident Saparmurod Niyozov vafot etdi. Berdimuhamedov darhol vaziyatni o‘z qo‘liga olib, dafn marosimini tashkillashtirdi. Totalitar davlatlarda rahbarning dafn marosimini kim tashkillashtirsa, o‘sha odam taxtni egallashi taxmin qilinadi. Shunday bo‘ldi ham. 

Turkmaniston Konstitutsiyasiga ko‘ra, Prezident vazifasi Parlament raisi Ovezgeldi Atayevga topshirilishi kerak edi. Biroq, kutilmaganda Atayevga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, u qamoqqa olindi. Axir “Arqadag‘” turganda Parlament raisiga yo‘l bo‘lsin. Xullas, Davlat xavfsizlik kengashi qarori bilan Berdimuhamedov Prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

2007 yil 11 fevral kuni Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Berdimuhamedov 89,23 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi va mamlakatning ikkinchi Prezidenti bo‘ldi. 14 fevral kuni yangi rahbarning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi. Berdimuhamedovga prezidentlik guvohnomasi va sakkiz burchakli tilla zanjir ko‘rinishidagi belgi topshirildi.

Xurmacha qiliqlar

Saparmurod Niyozov Turkmanistonni 30 yil boshqarib, o‘ziga xos shaxsga sig‘inuvchi sharqona diktaturani yaratdi. “Turukmanboshi” qog‘oz pullarga o‘z suratini tushirtirdi, ko‘cha va shaharlarni o‘z nomi bilan atadi. Axloq qoidalariga ko‘ra, u bilan uchrashgan amaldorlar uning qo‘lini o‘pishi kerak edi. Shu darajaga yetdiki, oy nomlari uning oila a’zolari sharafiga o‘zgartirilgan edi.

2006 yilda iqtidorga kelgan Berdimuhamedov Niyozovdan ham o‘tib tushdi. Uning davrida shaxsga sig‘inish cho‘qqiga chiqdi. Uning suratlari har bir xonadonda bo‘lishi shart qilib belgilandi. Mamlakatda Berdimuhamedov tasviri tushirilgan oltin va kumush tangalar zarb etildi. Bundan tashqari, yangi turmush qurganlar davlat rahbarining portreti fonida suratga tushishlari shart qilib qo‘yildi. 

2013 yilda Berdimuhamedov tug‘ilgan kuni munosabati bilan Ashxobodda katta bayram bo‘ldi. Unda jahonga mashhur san’atkorlar Jennifer Lopes, Mustafo Sandal, Nensi Ajram, Ziynet Sali, Filipp Kirkorov, Ani Lorak, Sati Kazanova va “Reflex” guruhi qatnashgan. Bu tug‘ilgan kunda Jennifer Lopes “Tug‘ilgan kuningiz bilan, janob Prezident” deb nomlangan qo‘shiq kuylagan.

2015 yilda Turkmaniston rahbarining otda o‘tirgan 21 metrlik haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu haykal 24 karat oltin bilan qoplangan.

“Arqadag‘” kitob ham yozib turadi. U yozgan asarlar mamlakatda “bestseller” darajasiga chiqqan. Xususan, Berdimuhamedov “Turkmaniston sog‘lom va yuksak ma’naviyatli odamlar mamlakati”, “Axalteke oti bizning faxrimiz va shon-sharafimizdir”, “Turkmanistonning dorivor o‘simliklari”, “Yaxshi nom o‘zgarmasdir” deb nomlangan kitoblarning muallifi hisoblanadi.

Berdimuhamedov Turkmanistonda xalqi uchun haqiqiy “supermen” hisoblanadi. U qo‘shiq aytishni, sport bilan shug‘ullanishni, ot minishni yaxshi ko‘radi. “Arqadag‘” 2011 yilda "Sen – mening oq gullarim" deb nomlangan musiqiy albomini e’lon qildi. Shundan beri u har bayramda omma oldiga chiqib, qo‘shiq kuylaydi. Amaldorlar esa uning atrofida qo‘g‘irchoqqa o‘xshab raqsga tushadi. Keyingi vaqtlarda uning qo‘shiqlari to‘ylarda ham qo‘yilishi va kelin-kuyovlar raqsga tushishi majburiy etib belgilangan.

Mamlakatdagi taqiqlar

Turkmanistonda bir qancha taqiqlar mavjud bo‘lib, uni buzgan insonlar qattiq jazolanadi. Misol uchun, mamlakatda qora mashina haydash, ayollarga avtomobil boshqarish va shim kiyish taqiqlangan. Haydovchi qabriston oldidan o‘tayotganda radioni o‘chirishi shart. 

Shuningdek, mamlakat rasmiy axborot dasturlari uning surati va unga tegishli xabarlar bilan boshlanadi. Teledasturlarda boshlovchi va jurnalistlar Prezidentga nisbatan “Mehribon Arqadag‘” kalimasini qo‘llashlari mutlaqo shart. 

Turkmanistonda YouTube, Twitter, Fecbook’ga kirish taqiqlangan. Erta tonda butun mamlakat aholisi belgilangan vaqtda turib, ertalabki badan tarbiya qilishi shart.

Tabiiy boyliklar

2018 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkmaniston dunyoda tabiiy gaz zaxirasi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi. Mamlakat Kaspiy dengizida 11 milliard tonna neft va 5 yarim trillion kubometr tabiiy gaz zaxirasiga ega. Turkmaniston asosan gazni Xitoyga eksport qiladi. 1993 yilda mamlakat aholisi uchun gaz, elektr energiyasi va suv bepul qilib belgilangan. Shunga qaramay aholining ko‘p qismi qashshoqlikda kun kechiradi.

Berdimuhamedov oilasi

Prezidentning qarindoshlari ko‘p, lekin ular nima ish bilan shug‘ullanishi haqida ma’lumot yo‘q. Davlat rahbarining Serdar ismli bir o‘g‘li va Guljamol hamda Gulshan ismli ikki qizi bor. “Arqadag‘”ning katta qizi Guljaxon Londonda istiqomat qiladi. U Turkmanistonning uglevodorod resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish davlat agentligining Buyuk Britaniyadagi vakili Ilasgeldi Amanovga turmushga chiqqan. Kichik qizi Gulshan esa Parijda yashaydi. U Turkmanistonning Fransiyadagi elchixonasi xodimi Derya Otaboyev bilan oila qurgan.

“Arqadag‘”ning yagona o‘g‘li Serdar haqida sal pastroqda batafsil to‘xtalib o‘tamiz.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Berdimuhamedovning Marina ismli norasmiy rossiyalik rafiqasi bo‘lib, u bir vaqtlar davlat rahbari ishlagan stomatologiya klinikasida hamshiralik qilgan. Biroq bu ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan.

Parda ortiga chekinayotgan “Arqadag‘”

Berdimuhamedov 2007 yilda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritib, o‘ziga Turkmaniston Vazirlar Mahkamasining raisi, Turkmaniston Qurolli Kuchlari Oliy qo‘mondoni, armiya generali unvonini oldi. Bir so‘z bilan aytganda, u “superprezident”ga aylandi. 

2017 yilda Berdimuhamedov mamlakat boshqaruvida jiddiy o‘zgarish qildi. Unga ko‘ra, mamlakatda yangi Konstitutsiya qabul qilinib, Parlament ikki palatali tizimga o‘tkazildi. Joriy qilingan yangi Konstitutsiyaga muvofiq Berdimuhamedov davlat rahbarligidan ketsa, Xalq Maslahati raisi lavozimini egallaydigan bo‘ldi. “Arqadag‘” shu yo‘l bilan Nazarboyev singari parda ortidan turib mamlakatni boshqarishni reja qildi.

Berdimuhamedov merosxo‘ri

Turkmaniston rahbarining o‘g‘li Serdar ayni damda 41 yoshda bo‘lib, u mamlakatda otasidan so‘ng eng obro‘li shaxs hisoblanadi. “Arqadag‘”ning arzandasi 2008-2011 yillar davomida Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi Diplomatik akademiyasida ta’lim olgan. O‘qishni tamomlagach, 2011-2013 yilda BMTning Jenevadagi (Shveysariya) bo‘limidagi Turkmaniston vakolatxonasida maslahatchi lavozimida ishladi. Xorijda tajriba ottirgan Serdar, 2016 yilda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro axborot boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

2021 yil 11 fevral kuni u otasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga qo‘yildi. Shu tariqa, Berdimuhamedov o‘z o‘g‘lini hokimiyat pillapoyasiga olib chiqib qo‘ydi. Qizig‘i, bu voqeadan roppa-rosa bir yil o‘tib, aniqrog‘i 2022 yil 11 fevral kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z lavozimini yosh yetakchilarga topshirib, Xalq maslahati raisi sifatida qolishini aytdi. Turgan gapki, mamlakatda bitta yosh kadr bor. U ham bo‘lsa Serdar Berdimuhamedov. 

Ayrim siyosatchilar, “Arqadag‘” prezidentlik kursisiga o‘z o‘g‘lini o‘tkazib, o‘zi yosh Prezidentga maslahatchi sifatida parda ortida turib mamlakatni boshqarishini aytmoqda.

Kelgusi oyda mamlakatda Prezident saylovi o‘tkazilishi belgilangan. Nomzodlar hozircha ma’lum emas. Balki ular orasida “Mehribon Arqadag‘”ning arzandasi ham bo‘lar.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

812

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing