Ostonada AES qurilishi bo‘yicha jamoatchilik muhokamalari bo‘lib o‘tdi
Olam
−
21 avgust
4173Kecha, 20 avgust kuni Ostonada Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish masalasi jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Atom sanoatini rivojlantirish assotsiatsiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbirda yadro sanoatining yetakchi ekspertlari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etgan. Asosiy e’tibor texnologik xavfsizlik, loyihaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari va mamlakatning kelajakdagi energetika xavfsizligi masalalariga qaratildi.
Muhokamalar chog‘ida Atom sanoatini rivojlantirish assotsiatsiyasi raisi Aldiyar To‘qtarov mamlakat energetika sohasini rivojlantirish uchun AES qurish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.
“Taraqqiyot uchun energiya kerak, men bu yerda o‘zim uchun ham, boshqa tengdoshlarim uchun ham istiqbollarni ko‘ryapman”, deydi To‘qtarov.
U, shuningdek, Qozog‘istonning AES loyihasini amalga oshirishdagi ishtiroki darajasiga qiziqish bildirgan.
“Qozog‘iston AESlari” AJ direktori Timur Jantikinning ta’kidlashicha, loyiha maksimal darajada mahalliylashtirishni nazarda tutadi. U, shuningdek, qurilish va foydalanish bosqichida mahalliy yadro yoqilg‘isidan foydalanish va qozog‘istonlik mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirilganini qayd etgan.
Jantikinning qo‘shimcha qilishicha, ayni damda 600 ga yaqin qozog‘istonlik mutaxassislar Turkiyada AES qurilishida ishlamoqda, shuningdek, Qozog‘iston jamoasi Rossiyada BN-800 atom reaktorini qurishda ishtirok etgan.
Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga qarshilar esa ekologik xavflar, sog‘liq uchun xavf-xatarlar, shuningdek, stansiya bir gigavatt quvvatdan 50 kub metr radioaktiv chiqindilar ishlab chiqarishi va uni biror joyga ko‘mib qo‘yish kerakligiga e’tibor qaratgan.
Loyiha taqdiri shu yilning kuzida bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida hal qilinadi.
LiveBarchasi