“Osmonimizda begona jism kerak emas”. Rossiya mediasi Ozarbayjonga istehzoli javob qaytardi (video)
Olam
−
28 dekabr
909326 dekabr kuni Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Ozarbayjon havo yo‘llari (AZAL) fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini talab qilgani ortidan rus telekanallari bunga istehzoli shaklda javob qaytarmoqda.
Rossiya mediasi tomonidan e’lon qilingan videoda osmonda uchayotgan qizil kiyimli Santa Klaus Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgani va moviy kiyimdagi rus qorbobosi “Bizga osmonimizda begona jism kerak emas. Yangi yilingiz bilan rossiyaliklar”, deganini ko‘rish mumkin.
Ozarbayjonning “Baku TV” telekanalining siyosiy jurnalisti Sevinch Gulmammadovaga ko‘ra, tanglik avjiga chiqqan, diplomatiya nozik muvozanatda bo‘lgan bir paytda bunday videoning chiqishi ham vijdonni, ham adolat tuyg‘usini izdan chiqaradi. Fojia ortidan ushbu videoning tarqatilishi na tasodif, na bir bayram hazili. Bu, aniq bir pozitsiya ifodasidir.
“Ozarbayjon samolyotining urib tushirilganidan so‘ng bunday qadamning tashlanishi Kremlning niyatlarini ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi. Bu yondashuv diplomatik munosabatlarga emas, balki ochiqdan-ochiq tahdid va xabar berishga asoslangan”, deydi jurnalist.
Siyosiy jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, moliyaviy yordam takliflari masalaning mohiyatini yashirmaydi. Rossiya tomoni omma oldida javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi va sodir bo‘lgan vaziyat yuzasidan kechirim so‘rashi muhimdir.
“So‘z tugaydi, lekin haqiqat jim turmaydi. Ozarbayjon xalqi adolat va rasmiy uzr so‘rashni kutmoqda. Bu ham xalqaro huquq, ham mamlakatimiz qadr-qimmatini himoya qilish uchun zarur”, deb yozadi Gulmammadova.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.
AQSH ham laynerning qulashida Rossiyanig havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi.
Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi