Osiyoning eng boy odamlari reytingi e’lon qilindi
Bu qiziq
−
17 aprel 9962 2 daqiqa
Hindistonning Adani Group konglomerati asoschisi va raisi Gautam Adani Reliance Industries rahbari Mukesh Ambanini ortda qoldirib, Osiyoning eng boy odami unvonini qaytarib oldi. Bu haqda bugun, 17 aprel kuni yangilangan “Bloomberg Billionaires Index” ma’lumotlarida keltirilgan.
Adanining boyligi 92,6 milliard dollarga yetgan. Bu unga dunyo reytingida 19-o‘rinni va mintaqada birinchi o‘rinni egallash imkonini bergan. Ambanining kapitali esa 90,8 milliard dollarga baholanmoqda (dunyoda 20-o‘rin).
Muvaffaqiyatning asosiy omili Adani Group aksiyalarining o‘sishi bo‘ldi. Yil boshidan buyon guruhning energetika, aeroportlar va port logistikasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalari kotirovkalari ko‘tarilishi fonida Adanining boyligi 8,1 milliard dollarga ko‘paygan. Shu bilan birga, Ambanining kapitali xuddi shu davrda 16,9 milliard dollarga kamaygan. Osiyoning eng boy uchligini ByteDance asoschisi Chjan Imin (68,7 milliard dollar) yakunlab bermoqda.
Dunyo reytingida katta farq bilan Tesla va SpaceX bosh direktori Ilon Mask peshqadamlik qilmoqda, uning boyligi 656 milliard dollarga baholangan. Ikkinchi o‘rinni Google asoschilaridan biri Larri Peyj (286 milliard dollar), uchinchi o‘rinni esa Amazon asoschisi Jeff Bezos (269 milliard dollar) egallab turibdi. Sayyoraning eng boy odamlari orasida eng katta yo‘qotish LVMH rahbari Bernar Arnoda qayd etilgan – uning kapitali 44 milliard dollarga qisqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkor Ilon Mask ketma-ket ikkinchi yil “Forbes” talqini bo‘yicha dunyoning eng boy odamlari yillik reytingida birinchi o‘rinni egallagandi.
Live
Barchasi