Osiyoni zabt etgan yangi avlod
Tahlil
−
20 aprel
7749O‘zbekistonda sport musobaqalarining natijalariga ta’sir o‘tkazishga aloqdor bo‘lgan hakamlarning faoliyatiga yakun yasaldi, o‘zbekistonlik o‘smir futbolchilar Osiyo kubogi g‘olibi bo‘lish arafasida turibdi. Doimgidek Yevropa Chempionlar ligasining navbatdagi o‘yinlari ham kutilmagan natijalar bilan yodda qoldi.
Ortda qolayotgan haftaning eng muhim sport mavzulari haqida doimgidek QALAMPIR.UZ ‘ning sport dayjestida so‘z ochamiz. Assalomu alaykum.
O‘zbekistonlik o‘smirlar Osiyo kubogi finaliga chiqdi
Saudiya Arabistonida 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi chorak finali bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi amirlik futbolchilarga qarshi maydonga tushdi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning 13-daqiqasida Asilbek Aliyev chamasi 25 metr masofada o‘rnatilgan jarima zarbasidan gol urib, hisobni ochdi. 36-daqiqada Aliyev sherigining chiroyli uzatmasini golga aylantirdi va o‘z hisobiga dublni rasmiylashtirdi. Birinchi taymga qo‘shib berilgan daqiqalarda Sayfiddin Sodiqov penaltini amalga oshirib, hisobni yirik 3:0 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. Ikkinchi taymda xotirjamlikka berilgan o‘zbekistonliklar 67-daqiqada gol o‘tkazib yubordi. BAA o‘yinchisi Muhammad Buti hisobni qisqartirdi. O‘yin yakuniga qadar hisob boshqa o‘zgarmadi va O‘zbekiston terma jamoasi yarim finalga yo‘l oldi.
17 aprel kuni Osiyo kubogi yarim finalida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Shimoliy Koreyani 3:0 hisobida mag‘lub etdi va finalga yo‘l oldi.
O‘zbekistonlik futbolchilarning yaqqol ustunligi ostida o‘tgan o‘yinning 31-daqiqasida hisob ochildi. Sadriddin Hasanov tomonidan kiritilgan gol tablodagi hisobni o‘zgartirdi. Oradan bir necha daqiqa o‘tib shimoliy koreyalik futbolchi Kang Myong Bom qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Ikkinchi bo‘limning 62-daqiqasida Jamshidbek Rustamov, 65-daqiqada esa Abubakir Shukurullayev gol urib, hisobni yirik 3:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Ha aytgancha 1-bo‘limda o‘zbekistonlik futbolchilar penaltini golga aylantira olmadi, biroq bu epizod Islom Ismoilov shogirdlarining g‘alaba qozonishiga to‘sqinlik qilmadi.
O‘yindan keyin Ismoilov koreyslarga qarshi bahs haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Endilikda Islom Ismoilov qo‘l ostidagi jamoa finalda musobaqa mezbonlari Saudiya Arabistoni o‘smirlariga qarshi maydonga tushadi. Final o‘yini 20 aprel kuni o‘tkaziladi. Bahs Toshkent vaqti bilan 20:00 da start oladi.
Ma’lumot o‘rnida, bu ikki raqib guruh bosqichida ham to‘qnash kelgan va unda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozongan.
O‘zbekistonlik taniqli futbol hakamlarining faoliyati tugatildi
Sport musobaqalarining natijalariga ta’sir o‘tkazishga aloqdor bo‘lgan Aziz Asimov, Rahim Karimov, Akobirxo‘ja Shukurullayev, Abdurashid Xudoyberganov kabi o‘zbekistonlik hakamlarning faoliyatiga yakun yasaldi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, bugun, 14 aprel kuni O‘FA Etika qo‘mitasi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston Professional futbol ligasining 2025 yil 9 yanvarida yuborgan 01/10-sonli xatiga asosan O‘zbekiston futbol hakamlari markazi hakamlari Aziz Asimov, Rahim Karimov, Akibirxo‘ja Shukurullayev, Abdurashid Xudoyberganov va Firdavs Norsafarov sport musobaqalari natijlariga ta’sir o‘tkazishga aloqadorligi to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan.
O‘FA Etika qo‘mitasiga taqdim etilgan hujjatga asoslanib, qo‘mita tomonidan O‘zbekiston futbol hakamlari markazi sobiq hakamlari Aziz Asimov, Rahim Karimov faoliyatida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklar uchun o‘z arizalariga ko‘ra hakamlik faoliyati tugatilgani, shuningdek, faoliyatida texnikxatolarga yo‘l qo‘ygan hakamlar Akobirxo‘ja Shukurullayev, Abdurashid Xudoyberganov hamda Firdavs Norsafarov esa hakamlik faoliyatidan vaqtincha chetlatilgani aniqlandi.
Etika qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston futbol hakamlari markazi hakamlari Akobirxo‘ja Shukurullayev, Abdurashid Xudoyberganov hamja Firdavs Norsafarovlarga nisbatan vaqtinchalik O‘zbekiston futbol hakamlar tomonidan Superliga, Proliga, Birinchi liga, O‘zbekiston kubogi va Superkubogi kabi musobaqalarda faoliyat olib borishga nisbatan qo‘llanilgan cheklovlar muddati tugaganligi bois, ularing faoliyatini qayta tiklanishi ta’minlanishi bo‘yicha qaror chiqarildi.
O‘zbekistonlik taniqli futbolchi stadionlar o‘rnida dom qurilayotganiga keskin norozilik bildirdi
O‘zbekistonlik taniqli futbolchi Akmal Shorahmedov Toshkent shahri hududida bir qator stadionlar buzilib, ularning o‘rniga ko‘p qavatli turar-joy majmualari qurilayotganidan norozi. Bu haqda Shorahmedov QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida aytdi.
“Toshkent shahrida o‘ndan ortiq stadionlar o‘rniga dom qurib tashlashdi. Bu holatda qanday qilib futbolni, sportni rivojlantirish mumkin? Oldin har bir mahallada stadion bo‘lgan. Stadionlarni kim himoya qiladi? Yildan-yilga futbolga qiziqadigan bolalar soni ko‘paymoqda, stadion esa kamayib ketyapti. Bolalar futbol o‘ynashi uchun stadion qilib bermaymiz-da, keyin ularni telefonga bog‘lanib qolganidan nolib, televizorda jar solamiz”, deydi Akmal Shorahmedov.
Shorahmedov poytaxtdagi to‘qimachilik stadioni o‘rniga ham ko‘p qavatli turar-joy majmuasi qurilayotganini bildirib, tabiiy maysaga ega stadionlarning kamayib ketishi yoshlarning sportga emas, balki telefon va ijtimoiy tarmoqlarga ruju qo‘yishiga sabab bo‘lishini ta’kidladi.
“Barselona” va PSJ yarim final masalasini hal qildi
16 aprelga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar ligasi chorak final javob o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda “Aston Villa” o‘z uyida PSJni 3:2 hisobida, “Borussiya” esa “Barselona”ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi.
“Signal Iduna Park” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsning 10-daqiqasidayoq mezbonlar penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi va 11 metrlik jarima zarbasidan hujumchi Girassi unumli foydalandi hamda hisobni ochdi. Ikkinchi taym boshida, ya’ni 49-daqiqada va 76-daqiqada Girassi yana ikkita gol urdi va o‘z nomiga xet-trikni yozdirib qo‘ydi. 54-daqiqada dortmundliklar himoyachisi Bensebaini o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. Yakuniy hisob 3:1 “Borussiya” g‘alaba qozondi, ammo ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 5:3 hisobi qayd etilib, “Barselona” yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Kataloniyaliklarning ushbu bosqichdagi raqibi “Inter - “Bavariya” o‘rtasidagi bahs g‘olibi bo‘ladi. Qayd etish kerak, “Barselona” 2025 yildagi ilk mag‘lubiyatini aynan “Borussiya Dortmund”dan qabul qilib oldi.
Birmingemda o‘tgan bahsda dastlab 11-daqiqada parijliklar himoyachisi Ashraf Hakimi hisobni ochdi. 27-daqiqada Nuno Mendesh oradagi farqni ikkitaga oshirdi. 34-daqiqada Yuri Tilemans hisobni qisqartirdi. 55-daqiqada Makgin super gol yo‘llab, hisobni tenglashtirdi. 57-daqiqada Ezeri Konsa “Aston Villa”ni hisobda oldinga olib chiqdi. O‘yin yakuniga qadar mezbonlarda bir nechta qulay vaziyatlar bo‘ldi, masalan, Marko Asensioning birga bir vaziyatdan yo‘llagan zarbasini Donnarumma qaytardi. Bahs yakuniga qadar hisob o‘zgarmadi va shu tariqa parijliklar ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 5-4 hisobini qayd etgan holda yarim finalga yo‘l oldi. Endilikda ushbu bosqichda Enrike qo‘l ostidagi klub “Real Madrid” - “Arsenal” o‘rtasidagi g‘olib bilan bahs olib boradi.
Hech qanday remontada yo‘q. “Real Madrid” va “Bavariya” YeCHLni tark etdi
17 aprelga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar ligasi chorak final javob o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda Madridning “Real” klubi “Arsenal”ni qabul qildi va 2:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Milan shahrida bo‘lib o‘tgan yana bir bahsda “Inter” “Bavariya” bilan 2:2 hisobini qayd etdi.
Madridda bo‘lib o‘tgan uchrashuvning dastlabki daqiqalarida mezbonlar hujumchisi Kilian Mbappe gol urgandi, ammo ofsayd sabab bekor qilindi. Sal o‘tib, londonliklar penalti tepish imkoniyatiga ega bo‘ldi, lekin Bukayo Saka ushbu imkoniyatni golga aylantira olmadi. Birinchi taymda boshqa aytarli vaziyat bo‘lmadi. Ikkinchi taymning 65-daqiqasida Bukayo Saka Merinoninng chiroyli pasini golga aylantira oldi. Oradan 2 daqiqa o‘tar-o‘tmas, mehmonlar himoyachisi Salibaning xatosidan Vinisius foydalandi va hisobni tenglashtirdi. O‘yin yakuniga qadar maydon egalari bir qancha imkoniyatlarni ko‘kka sovurdi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda birga-bir vaziyatga chiqib kelgan Gabriyel Martinelli gol urib, “kanonirlar”ning g‘alabasini ta’minladi. Shu tariqa, Chempionlar ligasi qiroli deb atalgan “Real Madrid” chorak finalda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 5:1 hisobida “Arsenal”ga mag‘lub bo‘ldi va turnirni tark etdi. Londonliklar yarim finalda PSJga qarshi maydonga tushadi.
Chempionlar ligasi joriy mavsumining ikki yashirin favoriti deb hisoblangan “Inter” va “Bavariya” o‘zaro Milan shahridagi javob uchrashuvida to‘qnash keldi. Birinchi taym nisbatan zerikarli o‘tdi va hisob ochilmadi. Ikkinchi taymning 52-daqiqasida Xarri Keyn myunxenliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. Oradan 5 daqiqa o‘tar-o‘tmas, Lautaro Martines oradagi farqni tenglashtirdi. 61-daqiqada Pavar sobiq jamoasini gol bilan siyladi. 76-daqiqada esa Erik Dayer hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. O‘yin yakuniga qadar hisob boshqa o‘zgarmadi va “Inter” ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 4:3 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi. Milanliklar ushbu bosqichda “Barselona”ga to‘qnash keladi.
Ma’lumot o‘rnida, yarim finalning ilk o‘yinlari 30 aprel va 1 may kunlari, javob bahslari esa 7 va 8 may kunlari bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi