Osiyoda maymun chechagidan birinchi o‘lim qayd etildi
Olam
−
02 avgust 2022
6885Osiyoda maymun chechagi infeksiyasidan birinchi o‘lim holati Hindistonda tasdiqlandi. Bu haqda mamlakat janubi-g‘arbidagi Kerala shtati Sog‘liqni saqlash vaziri Vina Jorj ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 22 yoshli yigitning sog‘lig‘ida boshqa hech qanday muammo bo‘lmagan. U Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) 19 iyul kuni maymun chechagi uchun topshirgan testi ijobiy chiqqan va Hindistonga qaytib kelgan. Uyga kelganidan keyin biroz vaqt o‘tgach, isitmasi ko‘tarilgan. Shundan so‘ng bemor shifoxonaga yotqizilgan va keyinroq sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.
Yigit 30 iyul kuni vafot etgan. U bilan aloqada bo‘lgan shaxslar kuzatuv ostida.
AFP ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistonda maymun chechagi infeksiyasining kamida to‘rtta holati qayd etilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ga ko‘ra, may oyi boshidan beri Afrikadan tashqarida 18 000 dan ortiq kasallanish holati qayd etilgan, ularning aksariyati Yevropada kuzatilgan.
Maymun chechagi bilan bog‘liq Afrika qit’asidan tashqarida kamida uchta o‘lim holati tasdiqlangan: ikkitasi Ispaniyada va bittasi Braziliyada. Hindistonda qayd etilgan holat to‘rtinchi va Osiyoda birinchisidir.
Joriy yilning 23 iyul kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) maymun chechagi kasalligini sog‘liqni saqlash uchun global favqulodda holat (FH) deb e’lon qildi. O‘sha vaqtga 75 mamlakatda 16 000 dan ortiq holat ma’lum edi. Ko‘plab holatlar Yevropa va Amerikada aniqlangan.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu kasallik an’anaviy ma’noda jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiya emas, u har qanday yaqin jismoniy aloqa orqali yuqishi mumkin.
“Biroq, bizning ishimiz shuni ko‘rsatadiki, hozirgi kunga qadar kasallikni yuqtirish holatlarining aksariyati, birinchi navbatda, erkaklar orasida ko‘p kuzatilmoqda”, deydi tadqiqot rahbari Jon Tornhill.
Kasallik tarqalishiga qarshi kurashish uchun JSST Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus infeksiya tasdiqlangan guruhlar bilan bog‘lanishni, epidemiologik nazorat va sog‘liqni saqlash choralarini kuchaytirishni, kasalxonalarda infeksiyaning oldini olish ishini kengaytirishni, vaksinalar, terapevtik vositalardan foydalanish bo‘yicha tadqiqotlarni jadallashtirishni tavsiya qildi.
Eslatib o‘tamiz, Yevropada maymun chechagidan birinchi o‘lim holati Ispaniyada qayd etilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, maymun chechagi kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, asosan yovvoyi hayvonlardan odamlarga yuqadi. Kasallikning belgilari isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, bel og‘rig‘i, limfa tugunlari shishishi, titroq va charchoqni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yuz va tananing boshqa qismlarida teri toshmasi ham paydo bo‘lishi mumkin. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, maymun chechagi epidemiyasi uchun o‘lim darajasi odatda 1 foizdan 10 foizgacha, o‘limning aksariyati yosh guruhlarda sodir bo‘ladi.
LiveBarchasi