Osiyoda COVID-19 yana jonlandi. Hukumatlar niqob taqishga chorlamoqda
Olam
−
29 may 7328 2 daqiqa
Xitoy, Singapur va Tailand koronavirusning yangi to‘lqiniga duch keldi, bu uch mamlakatda yuz minglab COVID-19 holatlari qayd etilgan, Tailandda kamida 46 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Yaponiyaning “Nikkei Asia” jurnali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tailandda joriy yilning yanvar oyidan may oyining o‘rtalariga qadar 187 ming 31 ta COVID-19 kasalligi qayd etilgan. Shu bilan birga, 18-24 may kunlari 53 ming 597 ta holat aniqlangan.
Infeksiyaning eng ko‘p holatlari Bangkokda qayd etilgan va bunga qisman aprel oyida bo‘lib o‘tgan Songkran bayrami (Tailand yangi yili) aybdor. Shifokorlarning fikriga ko‘ra, bayram paytida suv bilan o‘ynalgan o‘yinlar virus tarqalishiga sabab bo‘lgan.
Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 28 apreldan 4 maygacha davlat shifoxonalarida o‘tkazilgan barcha COVID testlarining 15,8 foizi ijobiy sinovdan o‘tgan. Bu 24-30 mart haftalariga nisbatan 6,3 foizga ko‘p degani.
Aprel oyida Xitoyda 168 ming 507 ta holat tasdiqlangan, shu jumladan 340 ta og‘ir holat, to‘qqiz nafar bemor vafot etgan. Xitoy hukumati fuqarolarni yangi epidemiyaning oldini olish uchun uzoq masofalarga sayohat qilishda niqob kiyishga chaqirgan.
Xitoylik COVID-19 mutaxassisi Chjun Nanshan Xitoyda eng faol aylanib yuradigan XDV shtammi ekanligini aytgan. Virusologning ta’kidlashicha, olimlar koronavirusning o‘zgaruvchanligidan charchagan. Chjun yuqori xavfli odamlarni, ayniqsa 65 va undan katta yoshdagi odamlarni yanada jiddiy himoya choralarini ko‘rishga chaqirgan. U iyun oyi oxirida kasallanish kamayishini kutmoqda.
Singapur rasmiylari may oyi boshlanishidan bir hafta oldin COVID-19 holatlari soni 14 ming 200 tani tashkil etganini e’lon qilgan. Bir hafta oldin bu ko‘rsatkich 111 mingta holatni tashkil etgan. Xuddi shu davrda COVID bilan kasalxonaga yotqizilganlarning o‘rtacha kunlik soni 102 dan 133 gacha ko‘tarilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) butun dunyo bo‘ylab 28 kun ichida (11 maygacha) aniqlangan 91 ming 583 ta COVID holati haqida xabar bergan. Eng ko‘p holatlar Tailandda aniqlangan, undan keyin Braziliya, Britaniya, Gretsiya va Fransiya.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH ma’muriyati COVID-19 laboratoriyadan kelib chiqqani bo‘yicha yangi dalillarni o‘z ichiga olgan maxsus internet sahifani ishga tushirgan edi. Unda Xitoyning Uxan shahridagi laboratoriyani asosiy manba sifatida ko‘rsatuvchi fikrlar ilgari surilgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr