Oshqozonosti bezi saratoni: Kasallikka nega kech bosqichda tashxis qo‘yiladi?

Salomatlik

image

Oshqozonosti bezi saratoni sezilarli alomatlarsiz paydo bo‘lishi sababli kech bosqichda aniqlanadi. Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri Olimjon Imomov ma’lum qildi.

Mutaxassisga ko‘ra, oshqozonosti bezi saratoni dunyoda onkologik xastaliklardan o‘lim sabablari orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Yer yuzi bo‘yicha yiliga 500 mingga yaqin kishi ushbu kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumayotgani buning tasdig‘i. Muammoning eng asosiy omili kasallik sezilarli alomatlarsiz paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Shu bois o‘simta allaqachon ildiz otib ulgurgan bo‘ladi va aksariyat hollarda unga ancha kech bosqichda tashxis qo‘yiladi.

Bu xastalik odatda 65 yoshdan oshgan odamlarda, qolaversa, ayollarga nisbatan erkaklarda ko‘proq uchraydi. Kashandalik, ortiqcha vazn va semizlik, surunkali pankreatit mazkur kasallikka chalinish xavfini oshirishi mumkin. 

Yuqorida aytilganidek, oshqozonosti bezi saratonining yaqqol belgilari yo‘q. Shunga qaramay, qorinning yuqori yoki orqa qismida doimiy yoki kuchayuvchi og‘riq, to‘satdan vazn va ishtaha yo‘qolishi, teri va ko‘z sohasida sarg‘ayish, peshob rangi qoramtir tusga kirishi, qandli diabet simptomlari to‘satdan paydo bo‘lishi kuzatiladi.

Ko‘ngil aynishi, qusish, ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolar, sababsiz charchoq, zaiflik, depressiya va quvvatsizlik kuzatilishi ehtimoli yuqori. Ana shu simptomlar tez-tez sodir bo‘lsa, shifokor ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi.

Oshqozonosti bezi saratonini davolash odatda kasallik bosqichi va turiga hamda bemorning salomatlik holatiga ko‘ra belgilanadi. Bunda jarrohlik amaliyoti, radioterapiya, kimyoterapiya, immunoterapiya, palliativ yordam kabi muolaja usullari qo‘llanilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash 10 tadan 9 ta holatda tuzalish imkonini berishi haqida xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Oshqozonosti bezi saratoni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar