Ortiqxo‘jayevning gaplari yana internetda bahs chiqardi. U volontyorlar faoliyatidan shubhalanmoqda
Jamiyat
−
18 noyabr 2020
15183“Volontyorlar (ko‘ngillilar – tahr.) haddan tashqari ko‘payib ketyapti. Men oxirgi paytlarda shubhaga boryapman”. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev kuni kecha poytaxt yoshlari bilan uchrashuvda gapirgan.
Uchrashuvda qatnashgan yoshlarda biri Ortiqxo‘jayevga volontyorlarni jamlab, Assotsiatsiya yoki Federatsiya tashkil etish taklifini bildirdi. Bunga javoban shahar hokimi oxirgi vaqtlarda volontyorlar faoliyatidan shubhalanib qolayotganini aytdi.
“Tovar, pul olish, PayMe’dan pul o‘tkazib berish, kimgadir olib borib berishda haddan tashqari ko‘payib ketyapti volontyorlar. Bir narsani to‘g‘ri tushinglar: volontyorlik kasbmi yo haqiqatan yordam berishmi, yo bundan daromad olishmi? Shuni farqiga borolmayapman. O‘zi volontyor tushunchasi nima degani? Ko‘ngilli ishchi degani. Lekin men birorta volontyorni uyda yotgan qariyaning oyog‘iga tog‘oracha tutib, sovunlab yuvib qo‘yganini ko‘rmadim. Sochini tarab qo‘ying, yuvib qo‘ying. Shuni hech ko‘rmadim. Hammasi sumka-sumka narsa olib borib tashlash bilan ovora. Buni bir ko‘rib chiqishimiz kerak. Volontyorlik xizmatlari bo‘yicha ham ko‘rib chiqib, chuqur o‘ylashimiz kerak. Yengil o‘ylab o‘tiradigan narsa emas”, deydi Ortiqxo‘jayev.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning ushbu gaplari poytaxt hokimligi Matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan videolavhadan o‘rin olgan. Bu gaplar esa ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon bahslarni keltirib chiqarmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 16 noyabr kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlar haqida bildirgan fikrlari yashirin tarzda OAVga sizdirilganiga bir yil to‘ldi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15