Ortiqxo‘jayev va aholi uchrashuvi murosasiz kechdi. Hokim uch kun muddat so‘radi

Jamiyat

Xabaringiz bor, fevral oyi boshida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga poytaxt markazidagi xalq orasida “Moviy gumbazlar” deb ataladigan serdaraxt maydon o‘rnida barpo etiladigan “Istiqlol” majmuasi loyihasini taqdim etgan edi. Ushbu loyiha ko‘plab toshkentliklar, xususan ushbu hududda istiqomat qilib kelayotgan aholining jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi.

Ko‘plab noroziliklar va e’tirozlardan so‘ng, bugun, 13 fevral kuni Jahongir Ortiqxo‘jayev aholi bilan uchrashdi. Yig‘ilganlarning ko‘p qismi maydondagi eski, ko‘p yillik manzarali daraxtlar kesilishiga qarshiligini aytib o‘tdi.

Hokim uchrashuv davomida poytaxt markazida joylashgan Amir Temur xiyoboni biyobonga aylanishi bilan bog‘liq yillarni esladi.

“Xuddi sizlarga o‘xshab men ham shu bog‘ning saqlanib qolishini xohlayman. Men ham Toshkentda 46 yildan beri yashayman. Mening ham kindik qonim shu yerda to‘kilgan. Amir Temur xiyobonida chinorlar kesilib ketayotganda men maktab o‘quvchisi edim. Nega o‘shanda saqlab qolmadingiz? O‘sha vaqtda qayerda edingiz?”, dedi Ortiqxo‘jayev.

Hokim agar Toshkent markazidagi “Moviy gumbazlar” xiyoboni bugun obod qilinib, bu yerga mustaqillik stelasi o‘rnatilmasa, o‘zidan keyin uning o‘rnini egallaydigan hokim bu joyni ko‘p qavatli uy yoki mehmonxona qurishga berib yuborishini aytib, aholini ogohlantirdi.

Shundan so‘ng, Ortiqxo‘jayev “Istiqlol” majmuasi qurilishida birorta daraxt kesilsa, o‘z arizasi bilan ishdan ketishga tayyor ekanini alohida aytib o‘tdi.

“Ishdan olishsa, ketaman. Yana aytaman: daraxtlar kesilmaydi, aksincha, qo‘shiladi. Bo‘sh joyga mustaqillik stelasini o‘rnatamiz. Agar daraxt kesilsa, o‘z arizam bilan ishdan ketaman”, dedi Ortiqxo‘jayev.

Uchrashuvda kimdir “Istiqlol” majmuasi qurilishiga rozi bo‘lsa, yana kimdir mutloq qarshiligini bildirdi. Vaziyat shu darajaga bordiki, to‘planganlar bir-birlarini eshitmay, o‘z fikrlarini ma’qullashga o‘tib ketishdi. Shu orada shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevdan qurilishi rejalashtirilayotgan majmua qancha maydonni egallashi haqida ma’lumot berishi so‘raldi.

Ortiqxo‘jayev esa bunga javoban 3 kundan keyin “Moviy gumbazlar” bog‘i hududiga loyiha maketi olib kelinishini aytdi.

“Uch kun ichida taqdim etilayotgam loyihaning maketini aynan shu yerga olib kelamiz. Qurilish qancha maydonda amalga oshirilishi, nimalar o‘rnatilishini, daraxtlar kesilmagan holda bog‘ yaratilishini ta’minlaymiz. Uch kundan so‘ng loyiha maketi bilan tanishasiz va hamma o‘z fikrini bildiradi. Ko‘rib rozi yoki qarshi ekaningizni aytsangiz bo‘ladi”, deya masalaga nuqta qo‘ydi hokim.

Jahongir Ortiqxo‘jayev va aholi uchrashuvini yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

537

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing