Ortiga AQSHni olgan Ukraina. Lafzida turmagan Rossiya. Dahanaki jang ortida nima bor?
Tahlil
−
08 dekabr 2021
42350So‘nggi vaqtlarda Rossiya Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar yana keskinlashdi. Bu ikki davlat atrofidagi yangiliklar dunyo afkor axborot ommasining e’tiborini o‘ziga qaratdi. Yaqinda Germaniyaning “Bild” gazetasi go‘yo Rossiya Ukrainaga hujum qilish uchun ikkita ssenariy tayyorlab qo‘ygani haqida xabar tarqatib yubordi. AQSH razvedkasi ham Rossiya o‘zining G‘arbiy chegara hududida 175 ming askar to‘playotganini ma’lum qildi. Kreml esa bunga javoban, o‘z qurolli kuchlarini hududida va o‘z xohishiga ko‘ra jamlayotganini, bu harakatlar hech kimga tahdid solmasligini aytib kelmoqda. Xo‘sh, nima uchun bu ikki slavyan davlatining munosabatlari bu qadar chigallashib ketdi. Tomonlar nimani xohlamoqda?
Bugungi maqolamizda Rossiya Ukraina o‘rtasidagi kelishmovchilikning boshlang‘ich nuqtasidan tortib to rivojlanish tarixi va hozirgi holati bo‘yicha batafsil ma’lumot beramiz.
SSSRning intihosi – Ukrainaning mustaqilligi
80-yillarning oxiri, 90-yillarning boshiga kelganda, Sovet Ittifoqining parchalanib ketishi aniq bo‘ldi. SSSR rahbari Mixail Garbachyov olib borgan “qayta qurish” siyosatining ilk yillaridayoq mamlakat ichida millatlararo munosabatlar keskinlashdi. Shunday bir chigal vaziyatda, aniqrog‘i 1991 yil 24 avgust kuni aholi soni va sanoat jihatidan Sovet Ittifoqida ikkinchi o‘rinda turgan Ukraina o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Faqat uning mustaqilligi SSSR parchalanganidan so‘ng tan olindi. 1991 yil 8 dekabr kuni Rossiya, Ukraina va Belarus rahbarlari o‘rtasida Sovet Ittifoqi tugatilganligi to‘g‘risidagi hujjat imzolandi.
Qrim muammosi
Ukraina mustaqillikni qo‘lga kiritgach, ba’zi muammolarga duch keldi. Xususan, Ukraina geografik jihatdan ikki sivilizatsiya kesishgan nuqta (Ukrainaning G‘arbi katolik sivilizatsiyasi, Sharqi esa pravoslav sivilizatsiyasi osti)da joylashgan edi. Mana shu omil yuzasidan Sharqiy mintaqa aholisi rus tiliga davlat tili maqomini berishni so‘radi. Hatto, Rossiyaga qo‘shilishni so‘raganlar ham bo‘ldi.
1991 yil 4 sentyabr kuni SSSR Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi Qrimning davlat suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi. 1992 yilning may oyida Krim Oliy kengashi Qrim Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qilish to‘g‘risida qaror chiqardi. Ukraina hukumati Krimning maxsus mavqeini tan olishga majbur bo‘ldi. Shu vaqtda Qrim separatistlari Rossiyadan ma’lum miqdorda siyosiy yordam oldi. Bu vaqtda Rossiya Federatsiyasi SSSR Oliy kengashining Qrim viloyatini Ukraina SSR tarkibiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini noqonuniy deb e’lon qildi. Rossiyaning bu ishlari G‘arb dunyosini g‘azablantirdi.
Rossiyaning Krim masalasida olib borgan siyosati bir tomondan to‘g‘ri edi. Sababi Sevastopol shahrida SSSRning yirik harbiy dengiz bazasi joylashgan bo‘lib, Rossiya uni Ukrainaga shunchaki topshira olmasdi. Uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng, Rossiya Krimni Ukrainaning bir qismi sifatida tan oldi. 1995 yilda Krim davlatchiligi barham topdi va viloyat Ukraina hukumatiga bo‘ysundirildi.
Yadro muammosi
1991 yilda SSSR parchalangach, uning yadro qurollaridan ma’lum bir qismi Qozog‘iston, Ukraina, Belarus hududida qolgan edi. 1992 yilda MDH (Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi) Sobiq Ittifoqning ballistik va strategik qurollarini Rossiyaga qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qarorga muvofiq, Belarus va Qozog‘iston SSSRning merosxo‘ri hisoblangan Rossiyaga yadroviy kallaklarni hech bir gap-so‘zsiz topshirdi. Ukraina esa bu masalada biroz ikkilandi. Bunga sabab Rossiyaning Krimga da’vo qilib turgani bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha vaqtda Ukrainada 1240 ta yadroviy kallak, 133 ta “RS-18” rusumli strategik raketa, 46 ta “RS-22” rusumli taktik raketa, 564 ta bombardimonchi samolyot va 3000 ga yaqin taktik yadro qurollari mavjud bo‘lgan.
1994 yilda Ukraina va Rossiya o‘rtasida shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, Rossiya Ukraina hududiga hech qachon da’vo qilmaydigan bo‘ldi. Buning evaziga Ukraina o‘zidagi ballistik va strategik yadro raketalarini Rossiyaga berdi. 1997 yilda ikki davlat Prezidentlari Boris Yelsin va Leonid Kuchma o‘rtasida “Do‘stlik va strategik hamkorlik to‘g‘risida” shartnoma imzolandi. Hujjatga ko‘ra, Moskva Krim va Sevastopolni Ukrainaga tegishli hudud ekanini tan oldi. Biroq 2014 yilda Rossiya bu shartnomani buzib, Krimni o‘ziga qo‘shib oldi.
Zarg‘aldoq inqilobi
Ukrainaning geografik joylashuvi uni G‘arb mamlakatlari bilan yaqinlashishga undadi. 2004 yilda Ukrainada bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida Viktor Yanukovich g‘alaba qozondi. Biroq muxolifat yetakchisi Viktor Yushenko saylov natijalarini tan olmadi. Oqibatda Yushenko tarafdorlari mamlakatda norozilik namoyishlarini boshlab yubordi. G‘arb davlatlarining faol qo‘llab turishi natijasida Viktor Yushenko Ukrainaning navbatdagi Prezidenti bo‘ldi. Shunday qilib, Ukrainada G‘arb pozitsiyasi mustahkamlandi. Aynan shu vaqtdan keyin Rossiya Ukraina munosabatlari sovuqlashdi, desak xato bo‘lmaydi.
2012 yilgi mojarolar
2010 yilda o‘tgan Ukraina Prezidenti saylovida yana Viktor Yanukovich g‘alaba qozondi. Bu gal Yanukovich Moskva bilan yaqinlashish siyosatini olib bordi. Bu esa o‘z navbatida muxolifatga yoqmadi. 2014 yil Ukraina Oliy Radasi Viktor Yanukovichni Prezidentlikdan chetlashtirdi. U o‘zining hayotidan xavfsirab, Rossiyaga jo‘nab ketdi. Yanukovich Rossiyadan turib, Ukrainadagi barcha siyosiy jarayonlar noqonuniy ekanini aytdi. Shu tariqa mamlakatda Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi siyosiy kuch mahv etildi.
Ukrainadagi siyosiy ziddiyatdan foydalangan Rossiya yangi tuzilgan hukumatni noqonuniy deb topdi. 2014 yil 16 mart kuni Krimda Rossiyaga qo‘shilish to‘g‘risida referendum bo‘lib o‘tdi. Referendum natijasiga ko‘ra, ovoz beruvchilarning 95,5 %i Rossiya tarkibiga qo‘shilishni yoqladi. AQSH va Yevropa Ittifoqi referendumni noqonuniy deb hisoblab, Rossiyaga iqtisodiy sanksiya e’lon qildi. Moskva Krim aholisiga o‘z fuqarolik pasportini berdi. Fuqarolarni himoya qilish uchun Rossiya strategik jihatdan juda muhim bo‘lgan Krim va Donbassga qo‘shin kiritib, uni mamlakat tarkibiga qo‘shib oldi.
2014 yil Ukrainadagi saylovda Pyotr Poroshenko g‘alaba qozondi. Ukraina Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilish uchun jadal harakatlar boshladi. Biroq Ukraina qancha harakat qilmasin na alyansga, na Yevro Ittifoqqa a’zo bo‘ldi. Chunki, NATO safiga qo‘shilish uchun nomzod davlatning nafaqat qo‘shnilari, balki mamlakat ichida ham hududiy mojarolari bo‘lmasligi kerak edi. Pyotr Poroshenko G‘arb davlatlari bilan yaqinlashish yo‘lidan borib, Moskvaga nafrat ko‘zi bilan qaradi. Hatto, Prezidentlik muddatining so‘nggi yilida Poroshenko Rossiya bilan urush qilish uchun qo‘shinni jangovar holatga keltirdi.
Bugungi holat
2019 yilda Viladimir Zelenskiy Ukraina Prezidenti bo‘lgach, Rossiya bilan munosabatlar biroz yumshadi. Biroq ko‘p o‘tmasdan ziddiyat iplari yana taranglashdi. Har ikki tomon ham o‘rtadagi kelishuvni buzdi.
2021 yilning boshida Ukraina Bosh shtab boshlig‘i Ruslan Xomchak Krim va Donbassda Rossiya armiyasining 28 ta bataloni mavjudligi, yaqin orada Moskva Krimga qo‘shimcha ravishda 25 ta batalon jo‘natganini, bu o‘z navbatida Ukraina xavfsizligi uchun tahdid ekani haqida bayonot berdi. Bundan tashqari, g‘arb matbuoti ham tinimsiz ravishda bu masalani yoritib bordi. Ukraina hali NATO va Yevropa Ittifoqiga rasmiy ravishda a’zo bo‘lmasa-da, AQSH hamda Yevropa mamlakatlarining ba’zilari Ukrainani har tomonlama qo‘llamoqda.
Joriy yilning 4 dekabr kuni AQSH razvedkasi Rossiya kelasi yilning boshida katta ehtimol bilan Ukrainaga 175 ming askar bilan hujum uyushtirishi mumkinligi haqida xabar berdi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya armiyasi Ukraina atrofigadagi to‘rtta pozitsiyaga joylashgan. Bundan tashqari, Germaniyaning “Bild” nashri Rossiya Ukrainaga hujum qilish uchun ssenariylar tayyorlab qo‘ygani haqida ma’lumotlar tarqatdi.
Birinchi ssenariyga ko‘ra, Rossiya bir vaqtda bir nechta pozitsiyadan Ukrainaga hujum boshlaydi. Ikkinchi ssenariy bosqichma-bosqich hujumni o‘z ichiga olgan. “Bild” bu hujum katta ehtimol bilan 2022 yil boshida amalga oshirilishiga ishonch bildirgan.
Moskva bunga javoban Rossiya o‘z qurolli kuchlarini o‘z hududida va o‘z xohishiga ko‘ra ko‘chirayotganini, uning harakatlari hech kimga tahdid solmasligini va hech kimni bezovta qilmasligi kerakligini aytib kelmoqda. Moskvaning ta’kidlashicha, “Rossiyaning tajovuzkorligi” haqidagi xabarlardan chegara hududlarida NATO kuchlarini to‘plash uchun bahona sifatida foydalanilmoqda.
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko agar, Rossiya Ukraina o‘rtasida urush boshlansa, Belarus Rossiya tomonidan urushga kirishini ma’lum qildi.
5 dekabr kuni, Stokgolmdagi (Shvetsiya) uchrashuvda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSH davlat kotibi Entoni Blinken o‘rtasida aynan Ukraina masalasini muhokama qilish chog‘ida keskin mojaro kelib chiqqan. Bundan ko‘rinadiki, Ukraina masalasida ikki gegemon davlat kelisha olmagan. AQSH av Rossiya nimani ko‘zlayotgani mavhum bo‘lib qoldi.
Tomonlar nimani istamoqda?
Ukraina bir necha yildan buyon NATOga a’zo bo‘lish taraddudida. AQSH ham Ukraina hududiga alyans kuchlarini olib kirmoqchi. Bu o‘z-o‘zidan Belarus va uning suyanchig‘i bo‘lgan Rossiyaga bosh og‘rig‘i.
Siyosatshunos olim Kamoliddin Rabbimov Rossiya Ukraina masalasi bo‘yicha quyidagicha fikr bildirdi:
“Possovet hududida geosiyosiy mustaqillikka intilgan davlatlardan biri – bu O‘zbekiston. Rossiya Ukraina atrofidagi bo‘layotgan voqealarni kuzatishimiz va undan xulosa chiqarishimiz kerak. Ukrainada NATOga a’zo bo‘lish milliy g‘oyaga aylangan. Har qanday ukrainalikni uyg‘otib, nimani istaysan desangiz, tezroq NATO va Yevropa Ittifoqiga kirishni hamda barcha qatori erkin, farovon odamdek yashashni istayman, deb javob beradi. Ya’ni Ukraina jamiyati uchun g‘arbga yo‘nalish olish umummilliy g‘oyaga aylangan. Bu g‘oya kechagina paydo bo‘lib qolgan emas. Biroz ehtiyotkor bo‘lgan Fransiya, Germaniya ham Ukrainaning alyansga qo‘shilishiga qarshi emas. Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi va Ukraina o‘rtasida viza cheklovlari yo‘q. Ukraina fuqarolari Yevropaga bemalol kirib, chiqa oladi. AQSH Ukrainani NATOga qo‘shilish uchun da’vat qilgan. Ya’ni Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini eng birinchi navbatda AQSH istamoqda. Rossiya esa NATO kuchlarini Ukrainaga kirishiga qarshi”.
2014 yilda Rossiya Krimni anneksiya qilgach, AQSH va Yevropa mamlakatlari unga qarshi iqtisodiy cheklovlar joriy qildi. Agar yana shunday cheklovlar joriy etilsa, Rossiya iqtisodiyoti anchagina zarar ko‘rishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shundoq ham Rossiya ayrim davlatlarga bosim o‘tkazib, ularni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shishga harakat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Rossiya Ukrainaning G‘arb bilan yaqinlashishiga qarshi. Ukraina nima bo‘lsa ham tezroq NATO va Yevropa Ittifoqiga kirmoqchi. Lekin ikki o‘rtada tinch aholi jabr ko‘rmoqda. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
LiveBarchasi