Orol dengizi sathi qariyb yarim metrga ko‘tarildi
Jamiyat
−
06 mart 2023
27465Orol dengizi sathi qariyb yarim metrgacha ko‘tarildi. Bu haqda Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Orol-Sirdaryo havza inspeksiyasi boshlig‘i Zeynulla Kaztoganovning ma’lum qilishicha, bugungi kunga qadar Shimoliy Orol dengizida to‘plangan suv hajmi 27 milliard kub metrdan 18,5 milliard kub metrgacha, suv sathi esa 40,42 mB.B.gacha pasaygan edi.
Biroq 2022 yilning oktyabridan hozirgi kunga qadar dengiz sathi 40,90 mBS yoki 48 santimetrgacha ko‘tarilgan. To‘plangan suv hajmi esa 19,7 milliard kub metrni tashkil qilgan. O‘tgan yili Orol dengiziga 816 million kub metr suv kelib tushgan. Xususan, birgina 2023 yilning dastlabki ikki oyida 803 million kubometr quyildi.
Ma’lumot uchun, Orol dengizi O‘rta Osiyoda joylashgan yopiq suv havzasidir. Shimoldan Qozog‘iston, janubdan O‘zbekiston, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi yerlari bilan o‘ralgan.
1960 yillargacha uning maydoni 68 000 km kv ga teng bo‘lib, dunyoda kattaligi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rindagi ko‘l bo‘lgan. Biroq sobiq Sovet Ittifoqi davrida uni ta’minlovchi Amudaryo va Sirdaryo suvlarining ko‘p miqdorda irrigatsiyaga sarflanishi uning hajmini keskin kamaytira boshlagan. 2007 yilga kelib, Orol dengizi maydoni 50 yil avvalgiga nisbatan 90 % qismini yo‘qotib, uchta alohida ko‘lga aylandi. Dengizning qurigan qatlamidagi sho‘rlik oshishi oqibatida esa Orol dengizi hamda atrofidagi nabotot va hayvonot olami qirilishiga sabab bo‘ldi. Mahalliy iqlim o‘zgardi – yoz issiqroq, qish esa quruq va sovuqroq bo‘la boshladi.
2010 yil ma’lumotlariga ko‘ra, Orol dengizi maydoni 13 900 km kv ni tashkil qilmoqda.
1996 yil yanvarida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Orol dengizi ekologik holatini yaxshilashga doir shartnoma imzolangan.
LiveBarchasi