Orlovdagi o‘zbekistonlik migrantlarga urushga chaqiruv qog‘ozi yuborilganiga izoh berildi
Jamiyat
−
27 Oktabr 2022
10078Rossiyaning Orlov viloyatidagi “Ekositi” chiqindilarni qayta ishlash zavodida ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarining safarbarlikka chaqirilgani va chaqiruv qog‘ozii kelgani munosabati bilan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixona xodimlari “EkoSiti” kompaniyasi bosh direktori Yuriy Paraxin, uning o‘rinbosari Valeriy Okorovkov va respublika fuqarolari bilan bog‘landi. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 26 nafar O‘zbekiston fuqarosiga safarbarlik chaqiruvi texnik xato tufayli yuborilgan va hujjatlar harbiy komissariyatda tekshirilgandan so‘ng chaqiruv qog‘ozi qaytarib olinib, masala hal etilgan.
Bu ma’lumotni korxona rahbariyati va respublika fuqarolari tasdiqlagan.
“Qisman safarbarlik e’lon qilingani munosabati bilan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan texnik xatolar bo‘yicha chaqiruv qog‘ozlari olish holatlari mavjudligini ma’lum qilamiz. Odatda, barcha bunday hollarda safarbarlik chaqiruvi hujjatlar tekshirilgandan so‘ng qaytarib olinadi”, deyiladi elchixona xabarida.
Elchixona shunga o‘xshash vaziyatlarda O‘zbekistonning Vladivostok, Novosibirsk, Qozon, Yekaterinburg, Sankt-Peterburg, Rostov-na-Donu kabi joylardagi Bosh konsulligi yoki O‘zbekiston elchixonasining Moskvadagi konsullik bo‘limiga murojaat qilishni yoki harbiy komissarlik vakillariga amaldagi shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan mustaqil ravishda murojaat qilishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, Orlovdagi “EkoSiti” aksiyadorlik jamiyati chiqindilarni qayta ishlash korxonasi xodimlari safarbarlik uchun chaqiruv qog‘ozi olishgani haqida xabar berilgan edi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu holat nazoratga olinganini va tashkilot rahbariyati hamda fuqarolar bilan aloqa o‘rnatilib, voqea joyiga yo‘l olinganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi