Orban AQSHga bordi. U Bayden qolib, Tramp bilan uchrashdi

Olam

image

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban kecha, 8 mart kuni Floridadagi Mar-a-Lago mulkida AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Bertalan Xavashi ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Tramp va Orban bir soat suhbatlashgan. Eng yaqin xodimlari ular bilan birga bo‘lgan. Xususan, Vengriya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Peter Siyyarto, Bosh vazirning siyosiy maslahatchisi Balaj Orban va Vengriyaning Vashingtondagi elchisi Sabolch Takach ham Floridaga borgan. 

“Uchrashuvdan so‘ng dastur qo‘shma kechki ovqat va konsert bilan davom etadi”, deydi Xavashi.

Matbuot kotibi Orban va Tramp qanday mavzularni muhokama qilgani haqida ma’lumot bermadi, biroq AQSHga safari oldidan Vengriya rasmiylari Ukrainadagi vaziyat va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar masalalarini ko‘rib chiqishlarini aytgan.

Amerikaning sobiq rahbarining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Tramp va Orban davlat chegaralarini himoya qilish masalasini ko‘targan. 

“Donald Tramp va Bosh vazir Viktor Orban bugun Mar-a-Lagoda uchrashib, Vengriya va Qo‘shma Shtatlarga taalluqli keng ko‘lamli masalalarni, jumladan, har bir davlat suverenitetini himoya qiluvchi mustahkam va xavfsiz chegaralarning muhimligini muhokama qildi”, deyiladi xabarda. 


Viktor Orban sobiq prezidentdan Amerikani yana buyuk qilishini so‘ragan. Bosh vazir Tramp bilan tushgan suratini Facebook'dagi sahifasiga joylar ekan, rasm ostida Trampning saylovoldi shiorini takrorladi. 

"Amerikani yana buyuk qiling, janob Prezident!"  deb yozdi u.

Vengriya hukumati Trampning noyabrdagi saylovlarda g‘alaba qozonishini va Oq uyga qaytishini tilashini yashirmaydi. Bu AQSH sobiq prezidentiga Ukraina mojarosini hal qilish va ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilashga umid bog‘laydi.

Amerika Qo‘shma Shtatlariga safari davomida Orban 7 mart kuni Vashingtonga tashrif buyurdi va u yerda Heritage Foundation konservativ tahlil markazida nutq so‘zladi. Biroq AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuv uning dasturiga kiritilmagan. Orban Amerikaga Baydenning taklifi bilan emas, balki uning siyosiy raqibi bilan yana bir bor uchrashish uchun borgan. Mutaxassislar bu vaziyatni NATO ittifoqchilari uchun deyarli misli ko‘rilmagan holat deb hisoblaydi.

AQSH Prezidenti Jo Bayden esa Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban diktaturaga intilayotganini aytdi. Filadelfiyada (Pensilvaniya) tarafdorlari bilan uchrashuvda Donald Tramp Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lishi haqida gapirar ekan, Bayden shunday dedi:

"U bugun Mar-a-Lagoda kim bilan uchrashayotganini bilasizmi? Vengriyalik Orban bilan. U bevosita demokratiya ish bermaydi, deb o‘ylaydi. U diktaturaga intiladigan NATOning yagona a’zosi. Mana u kim bilan uchrashmoqda. Men demokratiyani zaiflashtiradigan emas, himoya qiladigan kelajakni ko‘raman. Men Amerika dunyo uchun mayoq bo‘lib qoladigan kelajakni ko‘raman”.

Amerika yetakchisi Orban uning AQSH hukumatining eng yuqori lavozimiga qayta saylanishini istamasligidan shikoyat qildi.

"Men Yevropa yetakchilari, davlat rahbarlari bilan deyarli 200 soat vaqt o‘tkazdim. Ularning hammasini bilaman, yaxshi bilaman. Orbandan boshqa hamma menga nima deyishini bilasizmi? Ular meni chetga olib, "U yana g‘alaba qozona olmasligi kerak", deyishadi", deya ta’kidlaydi Bayden Trampga ishora qilib.

Ma’lumot uchun, bu bir vaqtlar Oq uyda Vengriya Bosh vazirini qabul qilgan Trampning Orban bilan uchinchi uchrashuvi edi. Bosh vazir 2021 yil yanvarida lavozimga kelganidan beri Bayden bilan shaxsan uchrashmagan va ular o‘rtasidagi munosabatlar tarang, deb baholanmoqda. AQSH ma’muriyati Vengriya hukumatining ba’zi xalqaro muammolar, jumladan, Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini yoqtirmaydi. O‘z navbatida, Orban amerikaliklarni muxolifatni qo‘llab-quvvatlagani va ichki ishlarga aralashishga urinishi uchun qoralaydi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Viktor Orban Vengriya Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing