OpenAI smartfon ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Olam

image

OpenAI kompaniyasi sun’iy intellektga asoslangan o‘z smartfonini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda TF International Securities tahlilchisi Ming-Chi Kuo X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilmaning ommaviy ishlab chiqarilishi 2027 yilda boshlanishi mumkin va ikki yil ichida esa 30 million dona sotilishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon uchun asosiy chip yetkazib beruvchi Tayvanda joylashgan MediaTek bo‘ladi. Qurilma maxsus ishlab chiqilgan “Dimensity 9600” flagman protsessori bilan jihozlanadi va u TSMC zavodlarida 2 nanometrli texnologiya asosida ishlab chiqariladi.

Tahlilchining aytishicha, loyihaning asosiy g‘oyasi an’anaviy ilovalar o‘rnini yagona interfeysga ega SI-agent bilan almashtirishdir. Uning fikricha, smartfon bu konsepsiya uchun eng maqbul qurilma, chunki u hozir ham eng ommaviy gadjet hisoblanadi. Shuningdek, OpenAI to‘liqqonli SI-agent yaratish uchun ham dasturiy, ham apparat qism ustidan nazorat muhim deb hisoblab, qurilmani noldan ishlab chiqmoqda.

Shu bilan birga, OpenAI boshqa apparat loyihalarini ham rivojlantirmoqda. Xususan, o‘tgan yil may oyida kompaniya Apple’ning sobiq dizayneri Djoni Ayv tomonidan asos solingan startapni 6,5 milliard dollarga sotib olgan. Yangi qurilma ixcham, ekransiz bo‘lishi va kamera hamda mikrofonlar orqali atrof-muhit haqida ma’lumot to‘play olishi kutilmoqda.

“The Wall Street Journal” ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya o‘tgan yil oxirida robototexnika va SI-qurilmalar yo‘nalishlarini alohida tuzilmalarga ajratish masalasini ham ko‘rib chiqqan. Bu tashqi sarmoya jalb qilish imkonini berar edi, ammo IPO tayyorgarliklari sabab bu rejadan voz kechilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pentagon 7 ta sun’iy intellekt kompaniyasi, xususan, OpenAI bilan ham o‘zaro kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

smartfon sun'iy intellekt OpenAI

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing