“Onajon, men hali dunyoning eng kuchlisi bo‘laman”. Va’dasida turgan Bahodirning onasi bilan suhbat

Intervyu

image

Xabaringiz bor, bugun, 9 avgust kuni O‘zbekiston Olimpiya delegatsiyasi Yaponiya poytaxti Tokio shahridan Toshkentga uchib keldi

Toshkent Xalqaro aeroportiga sportchilarni kutib olish uchun sportchilarning ota-onasi, jumladan, Olimpiada sovrindori Bahodir Jalolovning onasi — Sabohat Jalolova ham tashrif buyurgan. Sportchilarni kutish jarayonida QALAMPIR.UZ muxbiri bokschining onasi bilan suhbatlashdi. Sabohat Jalolova o‘g‘lining chempionligi hamda Olimpiada taassurotlari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

“Albatta, to‘g‘risi 2016 yilgi videolavham bu yil ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketibdi. O‘shanda turmush o‘rtog‘imdan ayrilgan vaqtim edi, oila a’zolarimning qistovi hamda “O‘g‘lingni ko‘ngli cho‘kib qolmasin, bor kutib ol”, deyishlari tufayli uni kutib olgani borganman”, deydi chempionning onasi. 

Nashr suhbatdoshining ta’kidlashicha, Bahodir Jalolov 2016 yilgi Rioda bo‘lib o‘tgan Olimpiadadan so‘ng, onasiga dunyoning eng kuchlisi bo‘lishni va’da qilgan.

“O‘g‘lim o‘sha paytda “onam siqilib turgan joyida men ham yutqizib qo‘ydim”, deb meni ko‘nglimni ko‘tarish uchun: “Onajon, xafa bo‘lmang. Men hali chempion bo‘lib, dunyoning eng kuchlisi bo‘laman, hammani lol qoldiraman”, degandi. Haqiqatdan ham hozir u o‘z va’dasining ustidan chiqdi, dunyoni lol qoldirdi. Bundan juda-juda xursandman. Hozir o‘g‘lim juda kuchga to‘lgan, o‘zining eng cho‘qqisiga chiqqan payt. Ijtimoiy tarmoqlardan bilishimcha, o‘g‘lim 2018 yildan beri mag‘lubiyatga uchramayotgan ekan, bundan buyog‘iga ham hech qanday mag‘lubiyatlarni ko‘rmay, shu yurishda davom etsin. Eson-omon bag‘rimga yetib kelsin. Sanoqli daqiqalardan so‘ng u oltin medallar bilan yonimizga yetib keladi”, deydi Sabohat Jalolova.

Chempionning onasi ta’kidlashicha, “Bahodirjon” butun O‘zbekistonning farzandiga aylanib bo‘lgan.

“Men shunga amin bo‘ldimki, Bahodirjon faqatgina mening emas, butun O‘zbekistonning farzandiga aylanib bo‘lgan ekan. Kechadan beri butun xalqimiz uning jangini ko‘zda yosh bilan tomosha qilibdi. Ularga o‘z minnatdorligimni bildiraman, o‘g‘limni shu darajaga jonkuyar xalqimizning duolari olib chiqdi, barchaga rahmat”, deydi Sabohat Jalolova

Eslatib o‘tamiz, +91 kg vazn toifasida Bahodir Jalolov Tokio-2020 Olimpiadasi finalida amerikalik Richard Torresni 5:0 hisobida taslim etdi va oltin medalga ega bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

522

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing