Onamni janozalariga borayotgandim... IIBB yangicha firibgarlikdan ogohlantirdi
Jamiyat
−
09 dekabr 2019
19403Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi fuqarolarni firibgarlardan ogoh bo‘lishga chaqirdi.
“So‘nggi vaqtlarda fuqarolarimizga quyidagi mazmundagi SMS-xabarlar kelmoqda: “Assalomu alaykum. Men onamni janozalariga borayotganimda yo‘lda mashinam buzilib, Qamchiq dovonida qolib ketdim. Menga sizning yordamingiz kerak. Telefonimga ozroq pul tashlab yuboring”.
Odatda 25 ming so‘m, ba’zida esa kattaroq mablag‘ so‘rashadi. Ya’ni, muammo pulda emas. Yordam qo‘lini cho‘zgan insonlar keyinchalik bilishlaricha, ulardan yordam so‘ragan odam umuman notanish kimsa bo‘lgan. Oddiyroq qilib izohlaganda, bu fuqarolarni aldash yo‘llaridan biridir.
Achinarlisi shundaki, insonlarning muruvvatidan foydalangan kimsalar sababli, bir marta aldangan fuqarolar keyinchalik birovga yordam qo‘lini cho‘zishdan qo‘rqib qoladi.
Hurmatli fuqarolar! Bu kabi holatlarda notanish kishiga yordam berish yoki bermaslikni o‘zingiz hal qilasiz. Ammo aldanib qolmaslik uchun baribir ehtiyotkor bo‘lishingiz zarur”, deyiladi IIBB xabarida.