Ommaviy axborot vositalari davlatimizga dushman emas, do‘st – Mirziyoyev

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Toshkent metrosining Sergeli yo‘nalishining ochilishi davomida ommaaviy axborot vositalariga yana bir bor rahmat aytib, ularning davlatga dushman emas, do‘st ekanini ta’kidladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Ommaviy axborot vositalariga rahmat. Ular davlatimizga dushman emas, do‘st. Ular baland ovozda adolatni, haqiqatni aytib turmasa, rahbarlarning darrov oyog‘i yerdan uzilib qoladi. Xalqimiz, uyingga eski to‘ningni ilib qo‘yib, kimligingni unutma, deganidek, hamma rahbarlar shu elning farzandi, vakili ekanini doim yodda tutishi kerak. Yurtimizdagi tinchlikning qadriga yetib, xalqimizga munosib sharoit yaratishimiz zarur”, deydi Prezident.

Shuningdek, tashrif davomida bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash, energiya quvvatlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar aytib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlar forumidagi ishtiroki davomida ham ommaviy axborot vositalari haqida so‘z ochib, ularning islohot va qarorlarga katta ko‘mak berayotgani haqida gapirgandi.

“Bugun men aytib o‘tgan oilaviy ajrimlar, ma’naviyat, ma’rifat, internet bo‘yicha muammolar ko‘p. O‘zbekiston endi ochildi, orqaga yo‘limiz yo‘q.

Yana bir marta ta’kidlamoqchiman, ommaviy axborot vositalari to‘rtinchi hokimiyat bo‘lish nuqtai nazaridan kimgadir yoqmaydi.

Ammo oxirgi bir yil ichida jurnalistlar, blogerlar va yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan ovozlari bizning islohotlarimiz va qarorlarimizga katta ko‘mak beryapti, bu haqiqat.

Yoqadimi, yoqmaydimi, ularni eshitishga majburmiz. To‘g‘risini eshitib, xulosa chiqaramiz, noto‘g‘risini to‘g‘ri yo‘lga solish — burchimiz, vazifamiz”, degandi Shavkat Mirziyoyev.

 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev OAV

Baholaganlar

29

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing