“Omicron”. Chegaralarini birinchi bo‘lib yopgan davlatda beshinchi to‘lqin boshlandi
Olam
−
20 dekabr 2021
8586Isroilda SARS-CoV-2 ning “omicron” shtammi tarqalishi fonida koronavirusning beshinchi to‘lqini boshlandi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Naftali Bennet ma’lum qildi.
“Omicron” allaqachon mamlakatda, Knessetdan tortib bolalar bog‘chalarigacha tez tarqalmoqda”, degan Bennet.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu shtamm bilan kasallanganlar soni oz bo‘lsa-da, lekin u kundan-kunga ortib bormoqda.
“Beshinchi to‘lqin boshlandi, deyishimiz mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan Bosh vazir.
Bennetning eslatishicha, Isroil “omicron” sababli chet elliklar uchun chegaralarini yopgan birinchi davlat bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu virusga qarshi kurashish uchun vaqt “sotib oldi”, ammo ushbu vaqt nihoyalab bormoqda.
Bennetning ta’kidlashicha, hukumat yaqin kunlarda aholi uchun yangi ko‘rsatmalarni e’lon qiladi.
“Isroil hukumati o‘z oldiga ta’lim muassasalarini yopmasdan, epidemiyalarning keyingi to‘lqinini ishlaydigan iqtisodiyot bilan yengib o‘tishni maqsad qilgan”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Bosh vazir fuqarolarni koronavirusga qarshi emlanishga va farzandlarini ham emlatishga chaqirgan.
19 dekabr holatiga ko‘ra, Isroilda “omicron” shtammi bilan kasallangan 175 ta holat tasdiqlangan. Isroilda 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarni koronavirusga qarshi emlashga ruxsat berilgan, bu joriy yilning noyabr oyida boshlangan.