Ombudsman vakillari psixonevrologik dispanserdagi blogerning holidan xabar oldi

Jamiyat

image
Bloger ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yotqizildi north_east

Bloger ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yotqizildi

Avvalroq, xorazmlik bloger, Shabnam Ollashukurova taxallusi ostidagi Nafosat Ollashukurovaning ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yotqizilgani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq 2019 yil 21 oktyabr kuni Ombudsman tomonidan tuzilgan monitoring guruhi sud qaroriga ko‘ra 2019 yil 26 sentyabrda Xorazm viloyatining psixonevrologik dispanseriga davolash uchun joylashtirilgan fuqaro Nafosat Ollashukurova bilan uchrashgan.

Monitoring guruhi tarkibida Ombudsman vakillaridan tashqari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari A. Tashanov va “Najot” huquqni himoya qilish tashkiloti rahbari X. Yakubov, shuningdek, psixiatriya sohasida yetakchi ekspertlar qatnashgan.

“Monitoring guruhi tashrifi davomida Nafosat Ollashukurovaning ruhiy holati nisbatan barqarorligiga va muloqot qila olishiga ishonch hosil qildi.

Suhbat davomida u o‘ziga tibbiyot muassasasi xodimlarining samimiy munosabatda ekanligini va unga nisbatan biror-bir ruhiy yoki jismoniy ta’sir o‘tkazish hollari bo‘lmaganligini qayd etdi.

Nafosat Ollashukurova uni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lgan o‘z xatti-harakatlari yuzasidan afsusda ekanligini bildirdi.

Monitoring guruhida qatnashgan tibbiyot xodimlari tomonidan Nafosat Ollashukurovaning kasallik tarixini o‘rganish natijasida, uning tashhisi kasalliklar xalqaro tasnifi KXT-10 mezonlariga mos kelishini va unga davolanish klinik simptomatikaga muvofiq tayinlanganligini ko‘rsatdi. Tashrif vaqtida mutaxassislar bemor holati nisbatan yaxshilanganligini qayd etdilar. Shu bilan birga, ayni vaqtda tushkunlik alomatlari saqlanib turganligi va belgilangan davolash kursini davom ettirish zarurligi ta’kidlandi. Dispanser vrachlari tomonidan belgilangan dori vositalari orasida insonning ruhiy faoliyatini pasaytiradigan kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi preparatlar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

Nafosat Ollashukurova ota-onasi bilan telefon orqali suhbatlashdi va ularga o‘zining holati, qulay muhitda saqlanayotganligi hamda unga tibbiyot xodimlari hurmat bilan munosabatda bo‘layotganligi haqida xabar qildi. Nafosat Ollashukurova to‘rt mahal issiq parhez taom bilan ta’minlangan.

Suhbat vaqtida Nafosat Ollashukurova yuqorida bayon etilganlardan tashqari o‘zining moddiy ahvolidan xavotirda ekanligini va davolangandan so‘ng, ishga joylashish istagini bildirdi.

Monitoring guruhi Nafosat Ollashukurova bilan uchrashgan vaqtda uning akasi Tojimurod ham ishtirok etdi”, deb qayd etilgan Ombudsman xabarida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 sentyabr kuni soat 12:00larda viloyat ichki ishlar organlari tomonidan huquqbuzarlik sodir qilgan fuqaro M.Rajapov, uning yaqin qarindoshlari hamda Facebook`da Nafosat Ollashukurovalarga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Urganch shahar ma’muriy sudining 23 sentyabrdagi qaroriga asosan Ollashukurovaga nisbatan MJtKning 183, 194, 195 va 202-moddalari bilan 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
 
26 sentyabr kuni Ollashukurova ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan paytida ruxiyatida o‘zgarishlar sezilganligi uchun tez tibbiy yordam chaqirtirilib, psixiatrning tavsiyasi bilan uni viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

51

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing