Ombudsman “Ichkaridagi ishlar” filmiga hissiyotlarga to‘la munosabat bildirdi

Tahlil

image

2022 yilning 30 oktyabr kuni QALAMPIR.UZ saytida “Ichkaridagi ishlar” nomli maxsus film e’lon qilingan edi. Ushbu filmda Navoiy shahar beshinchi mintaqaviy hudud 4-son jazoni ijro etish koloniyasidan o‘ligi chiqqan Oyatullo Rahmatullo o‘g‘li Maxsumov haqida so‘z borgan. Filmda marhum mahkumning yaqinlari, ota-onasi uning qiynoqlar oqibatida vafot etganini da’vo qilgan. Shuningdek, filmda sobiq mahkumlar va “Ezgulik” inson huquqlari nodavlat tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanovning ham qamoqxonalaridagi vaziyat xususida fikrlari jamlangan edi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mazkur videomaterialga munosabat bildirdi.

“Shu yilning 9 oktyabr kuni Navoiy viloyatidagi 4-son jazoni ijro etish koloniyasida muqaddam to‘rt marotaba sudlangan mahkumning o‘z joniga qasd qilgani holati bo‘yicha uning yaqin qarindoshlari fikrlari olingan. Ushbu holatda marhumning yaqinlari uning qiynoqqa solinganini aytishgan. Hozirda Navoiy maxsus prokuraturasi tomonidan mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda va qonuniy qaror qabul qilinadi”, deyilgan munosabat avvalida.

Shuningdek, Ombudsman ushbu holat bo‘yicha marhumning yaqin qarindoshlaridan qiynoqqa oid murojaat kelib tushmaganini, shunday bo‘lsa-da, mazkur holat bo‘yicha Internet ijtimoiy tarmoqlarida xabarlar berilgach, ishga taalluqli hujjatlar o‘rganilganganini quyidagicha ma’lum qilgan:

“Darvoqe, joriy yilning may oyida Ombudsman boshchiligida Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalariga, jumladan 4-son koloniyaga monitoring tashrifi amalga oshirilgan edi. Ushbu monitoringda ishtirok etgan “Ezgulik” inson huquqlari nodavlat notijorat tashkiloti Internetdagi turli ijtimoiy tarmoqlarga Navoiydagi koloniyalardan qiynoq bo‘yicha shikoyatlar kelib tushmaganini yozgan”.

Bundan tashqari, Ombudsman QALAMPIR.UZ sayti jurnalisti Hulkar Murtazoyevani mazkur holat 2022 yilning oktyabr oyida sodir bo‘lgan bo‘lishiga qaramay, Ombudsmanning bir yil avvalgi, ya’ni 2021 yilning oktyabr oyida jurnalistlarga bergan intervyusidan iqtibos keltirganlikda ayblagan.

Bunga javoban sayt tahririyati shuni ma’lum qiladiki, maxsus filmda Ombudsman Feruza Eshmatovaning fikrlari yangi gap sifatida berilmagan. Aksincha, Eshmatova bu gapni 2021 yilda aytgani alohida urg‘ulangan, bu orqali filmda joriy yildagi vaziyat va o‘tgan yildagi o‘rganishlar taqqoslangan. Qolaversa, Oyatullo Maxsumovning 2018 yil dekabrda ozodlikdan mahrum qilinganini inobatga olsak, bu o‘rinda Ombudsmanning 2021 yildagi tugul, o‘tgan 5 yil ichida qiynoqlar borasida aytgan har gapi biz uchun muhim. Agar Eshmatovaning qolgan yillar bo‘yicha ham hisoboti bo‘lsa, uni eshitishga tayyormiz.

Endi Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanning 2022 yilga oid yangi faktlariga to‘xtalsak. Ammo bu faktlar o‘tgan yildagisidan deyarli farq qilayotgani yo‘q. Shu sabab 2021 yildagi va 2022 yildagi munosabatlarda katta nomutanosiblikni ko‘rmadik.

Ombudsmanning ma’lum qilishicha, penitensiar muassasalarga 2022 yilning 9 oyligida 297 ta monitoring amalga oshirilgan. Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan monitoringlar jazoni ijro etish muassasalari ma’muriyatini ogohlantirishsiz amalga oshirilmoqda va mavjud holatlar o‘rganiladi. O‘rganishlarda mahkum va mahbuslar bilan holi tarzda uchrashib, qiynoqlar qo‘llanilyaptimi-yo‘qmi so‘raladi va ularga yaratilgan sharoitlarning belgilangan talablar darajasida ekanligi holati o‘rganiladi.

“2022 yilda Ombudsmanga qiynoqlar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan, lekin, ular ko‘p hollarda tasdiqlanmayapti. Ba’zi murojaatlar esa 5-10 yillar avvalgi qiynoqlar haqida. Mavjud holatni sinchiklab o‘rganish maqsadida 2022 yildan mahkumlar orasida respublika bo‘ylab anonim so‘rovlar ham o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Natijalar, albatta, Ombudsmanning qiynoq holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yillik ma’ruzasida e’lon qilinadi”, deyiladi munosabatda.


Munosabatda alohida ta’kidlanishicha, 2022 yilda Ombudsmanga o‘z vakolatini suiste’mol qilib, inson huquqlarini poymol etgan huquq-tartibot xodimlari ustidan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilib, xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan. Bitta holatda Jinoyat kodeksining qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish va dalillarni soxtalashtirish moddalari bilan aybdor deb topilgan. Shuningdek, 11 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilgan va 1 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

“QALAMPIR.UZ sayti jurnalisti sobiq mahkumlar (ism-shariflari oshkor etilmagan) bilan telefon orqali suhbatlashganda, “Ombudsman o‘zi bilan olib yuradigan quti”lar jumlasini aytib o‘tgan. Aslida esa “Ombudsman qutilari” olib yurilmaydi, ular koloniya va tergov hibsxonalarida video kamera o‘rnatilmagan va mahkumlar borishi mumkin bo‘lgan qulay joylarga joylashtirilgan. Ahamiyatlisi, ushbu qutilarni Ombudsman xodimlari va mintaqaviy vakillardan boshqa hech kim ocha olmaydi. Murojaatlar har ikki haftada o‘rganish uchun olib ketiladi”, deyilgan bayonotda.

Shu o‘rinda aytib o‘tsak, QALAMPIR.UZ Ombudsman kabi qamoqxonalarga kunda-shunda kirib-chiqa olmaydi. Bunga vakolati ham yo‘q. Shu bois quti qayerda turishini bilmaymiz ham. Qolaversa, biz taraflarni teng tinglash maqsadida sobiq mahkumlarga ham quloq tutdik. Xo‘sh, gap qutining qayerda turishidami yo uning bo‘sh qolayotganida?

“Ichkaridagi ishlar” maxsus filmida suhbatlashilgan sobiq mahkumlar o‘zlariga nisbatan qiynoq qo‘llanilayotganini aytgan taqdirda ularga nisbatan psixologik va jismoniy tazyiqlar boshlanishini, shu sababli muhkumlar qo‘rqib, qiynoqlar haqida og‘iz ocholmasligini aytgan.

“Eslatib o‘tamiz, Ombudsman rasmiy veb-saytida shu yilning 26 oktyabr kuni O‘zbekiston Inson huquqlari “Huquqiy tayanch” jamoat birlashmasi tomonidan e’lon qilingan xabar joyiga chiqib o‘rganilgani va mahbus qiynoqqa solingani bo‘yicha Ombudsmanga murojaat qilgani rasmiy munosabat e’lon qilingan. Bu xabar QALAMPIR.UZ saytida ham berilgan. Bu holatda Samarqand shahridagi ichki ishlar xodimlari tomonidan mahbusning 10 kun oldin mototsiklidan yiqilgani va bu jarohatlar shuning oqibati ekanligi aytilayotgan bo‘lishiga qaramay, Ombudsman holatga huquqiy baho berish maqsadida Bosh prokuraturaga talabnoma yuborgan. Ichki ishlar vazirligi va mahkumning fikrlari bir-biriga zid, haqiqat esa prokuratura o‘rganishlaridan keyin ma’lum bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilinadi rasmiy munosabatga.

Shu bilan bir qatorda Ombudsmanning tergovga qadar tekshirish olib borish vakolati mavjud emasligini, shuning uchun qiynoqlar qo‘llanilganiga oid murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar joyiga chiqib o‘rganilgach, qiynoq alomatlari mavjud bo‘lgan hollarda ish ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborilishini ma’lum qilgan.

Biroq, Ombudsmanning aytishicha, mahkum va mahbuslarning ko‘rsatmalari va ishga oid to‘plangan dastlabki va birlamchi hujjatlarga asoslanadi  va 2021 yilda Ombudsman nazoratiga olingan qiynoq holatlari bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan bironta qiynoq holati tasdiqlanmagan.

“Afsuski, mamlakatda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosatidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanib, asossiz va yolg‘on axborotlarni tarqatib, aholi orasida xavotir uyg‘otib, “soxta obro‘” olishga urinayotganlar ham uchrab turibdi”, deya jurnalistik surishtiruvni yolg‘onga teng qilgan Ombudsman.

Shuningdek, idora filmda qamoqxonalarda qiynoqlar davom etayotgani haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishgan "Ezgulik" Inson huquqlari nodavlat notijorat tashkilotining rahbari Abdurahmon Tashanovning intervyusiga ham to‘xtalib, uning “Ombudsman bilan ovozimiz bir joydan chiqmay qoldi. To‘g‘rirog‘i, biz ularning xo‘riga qo‘shilolmay qoldik. Shuning uchun hozir ular monitoring kuzatuvlarida ishtirok etishimizga qo‘ymayapti”, degan fikrlariga munosabat bildirgan.


“Aslida esa Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya a’zosi bo‘lgan A.Tashanovning monitoring tashriflariga jalb qilinmayotganiga uning Ombudsman ogohlantirishlariga qaramay mahkumlar huquqlarini bir necha bor qo‘pol ravishda buzgani sabab bo‘lgan. U mahkumlarning qadr-qimmatini kamsitishga qaratilgan xabarlari va shaxsga doir axborotlarni ularning ruxsatisiz e’lon qilgan. Shundan so‘ng Ombudsmanga mahkumlar va ularning yaqinlari tomonidan "Ezgulik" Inson huquqlari NNT ustidan murojaatlar ham kelib tushgan. Eslatib o‘tamiz, monitoring tashriflaridan ko‘zlangan maqsad, yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquqlari ta’minlanganlik darajasini o‘rganish, aslo ulardan PR sifatida foydalanish emas. Bundan to‘g‘ri hulosa chiqarish o‘rniga “huquq faoli” hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali Ombudsman institutiga nisbatan aholi orasida ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otish maqsadida turli asossiz xabarlar tarqatish yo‘liga o‘tdi. (Bu bo‘yicha jurnalistlarga qo‘shimcha ma’lumot berilishi mumkinligi ma’lum qilinadi)”, degan Inson huquqlari bo‘yicha Oliy Majlis Ombudsmani hissiyotlarga berilib.

Shu tariqa idora mavzu yuzasidan Ombudsman, Prokuratura, IIV ma’lumotlari keltirilgan, Jazoni ijro etish dkparamenti mas’ulidan intervyu olingan hamda marhum mahkumning oila a’zolari, aynan shu koloniyada jazo o‘tagan sobiq mahkumlar, deputat va huquq faoli bilan suhbatlashilganiga qaramay, QALAMPIR.UZ sayti materialini “xolislik tamoyili buzilgandek”, deya izohlagan.

“Bilamizki, aholi orasida tanqidiy ruhda yozilgan xabarlar ko‘proq ommalashadi. Lekin, jurnalist har qanday vaziyatda ham voqeani xolis yoritishi zarur. QALAMPIR.UZ sayti materialida esa ushbu holislik tamoyili buzulgandek nazarimizda... Chunki Ombudsmanning qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha faoliyati haqidagi yangi ma’lumotlar, filmdagi ba’zi iddaolarni puchga chiqarishi aniq edi”, deyilgan munosabatda.

Qolaversa, ushbu videomaterial davomida jurnalist tomonidan aytilgan “Oyatullodan avval ham 2020 yilda Navoiydagi qamoqxonadan yangiyo‘llik 45 yoshar mahkum Farrux Xidirovning jasadi chiqarilgandi” mazmunidagi fikrlarni “marhum F.Xidirovning o‘limini ham ushbu holatga bog‘lashga urininish deya izohlagan”.

“Marhum mahkum F.Xidirovning o‘limi holati ham internetning turli ijtimoiy tarmoqlarida, xususan Internetning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi "Ezgulik" Inson huquqlari NNTning sahifasida chop etilgach, Ombudsman xodimlari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilgan. Xabarlarda marhum Mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada, xalq tili bilan Sangorodda vafot etganligi ko‘rsatilgan. Ombudsmandagi mavjud hujjatlarga ko‘ra ham marhum F.Xidirov Navoiydagi koloniyadan 2020 yil 3 iyun kuni Sangorodga keltirilgan va 18 iyun kuni shu yerda vafot etgan. Hattoki, uning vafotidan so‘ng marhumning qarindoshlari marhumning og‘ir kasalligi sabab, uni olib ketishga qo‘rqishgan va marhum bir necha kun kasalxonada saqlangan. Bu bo‘yicha ham Ombudsmanning rasmiy munosabati e’lon qilingan”, deb keltiriladi rasmiy xabarda.

Shuningdek, film yakuniga ham o‘z e’tirozlarini bildirgan Ombudsmanning aytishicha, qiynoq holatlari jazoni ijro etish muassasalarida emas, tergov jarayonlarida sodir etilgan va prokuratura organlari tomonidan qonunbuzulish holatlariga yo‘l qo‘ygan huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

“Ushbu holatlarni jazoni ijro etish muassasalaridagi o‘lim holatlariga bog‘lash maqsadga muvofiq emas”, deyiladi munosabatda.

Lekin, filmda qamoqxonadagi qiynoqlarga oid fikrlarga qo‘shimcha ravishda O‘zbekistonda tergovga qadar qiynoqlar ham qo‘llanilayotgani aniq qilib aytib o‘tilgan.

“Ta’kidlash lozimki, hozirda Ombudsman tomonidan unga yuborilayotgan murojaatlar tahlili asosida tergov surishtiruv jarayonlaridagi qiynoq holatlarini oldini olishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilmoqda. Eslatib o‘tamiz, agarda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga qiynoqqa oid murojaat kelsa va u mahkum yoki mahbuslar tomonidan tasdiqlansa, bu haqda albatta jamoatchilik xabardor qilinadi. Chunki bu ochiqlik siyosatiga mos va qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha qo‘yilgan muhim qadamdir. Ombudsman qiynoq holatlarini yashirishni emas, ularni oldini olish va bartaraf etish tarafdori”, deya o‘z munosabatini yakunlagan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Axborot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ’ning joriy yil 7 oktyabrda Navoiydagi 4- son JIEKda vafot etgan Oyatullo Maxsumov misolida tayyorlagan O‘zbekistondagi turmalarda qiynoqlar bor-yo‘qligiga oid “Ichkaridagi ishlar” nomli maxsus filmini QALAMPIR.UZʼning YouTubeʼdagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

52

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing