Oltita davlat banki xususiylashtiriladi – Prezident farmoni
Jamiyat
−
13 may 2020
11241O‘zbekiston Prezidenti “2020–2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankining quyidagilar to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi:
xalqaro moliya institutlari ko‘magida “Ipoteka-bank” ATIB, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB, “Asaka” ATB, AT “Aloqabank”, “Qishloq qurilish bank” ATB va “Turonbank” ATBdagi davlat ulushlarini bosqichma-bosqich xususiylashtirish, bunda birinchi bosqichda ularni institutsional o‘zgartirishni (faoliyatini transformatsiya qilish), ikkinchi bosqichda esa davlat aksiyalari paketini sotishni nazarda tutish;
bank tizimini isloh qilish davrida aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmini (“loyihalar fabrikasi”) keng joriy qilish, bank xizmatlarining hududiy qamrovini ta’minlash maqsadida “Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki” AJ, “Agrobank” ATB va “Mikrokreditbank” ATB ustav kapitallarida davlat ulushini saqlab qolish;
ayrim banklarning faoliyatini diagnostika qilish va moliyaviy ahvolini baholash asosida, me’yoriy talablaridan hamda qayta tashkil etishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda qonun hujjatlariga muvofiq ularni konsolidatsiyalash.
Eslatib o‘tamiz, farmon bilan 2020–2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi tasdiqlandi.