Olmaliqda maktab o‘quvchisi “tarbiyaviy” suhbatdan keyin vafot etdimi? (video)

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi 5-sonli maktabda 2009 yilda tug‘ilgan 17 yoshli qiz maktab yo‘lagida hushini yo‘qotib, vafot etgani haqida xabar berilgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa maktab o‘quvchisi maktabda o‘tkazilgan “tarbiyaviy soat”dan keyin stress oqibatida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Bobur To‘laganov mazkur xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

“Ushbu xabarlarning mazmunida go‘yoki maktabda tanqidiy yig‘ilish o‘tkazilganligi va ushbu yig‘ilishda maktab ma’muriyati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari o‘quvchi qizlarga baland ovozda “tarbiyaviy” soat o‘tishganligi, ushbu yig‘ilishdan so‘ng 10-sinf o‘quvchisi stress holatida vafot etgani haqidagi xabarlar tarqatilmoqda. Ushbu xabarga qisqacha izoh berish bilan birgalikda, ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim ommaviy kanal yurituvchilarni jiddiy ogohlantirib o‘tmoqchimiz.

Gap bir inson hayoti haqida borayotgan ekan, ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, siz jamoatchilikni o‘zingizga qaratish yoki shov-shuv ko‘tarishga bo‘lgan ishtiyoqingizni bir chekkaga surib turishga majbursiz. Siz tarqatayotgan norasmiy, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yoki yolg‘on axborot uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik mavjud ekanligini yana bir bora eslatib o‘tamiz. Voqeaning qisqacha tafsilotiga ko‘ra, Olmaliq shahrida joylashgan 5-sonli maktabda tahsil oluvchi 9-10-11-sinf o‘quvchi qizlari bir-birlari haqidagi turli xil mish-mishlar tarqatilishi natijasida o‘zaro kelisha olmay yurishgan”, deydi Bobur To‘laganov. 

Uning aytishicha, ushbu holat yuzasidan maktab ma’muriyati, Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari va Ichki ishlar organlarining aynan ushbu maktabga biriktirilgan inspektor-psixologlari ishtirokida o‘quvchi qizlar uchun “tarbiyaviy soat” yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Maktabning 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan marhuma boshqa o‘quvchilar qatori aynan ushbu yig‘ilishga ketayotgan vaqtida birinchi qavat yo‘lagida o‘zini yomon his qilgan va yerga yiqilib vafot etgan. 

“E’tibor bering, o‘quvchi hali rejalashtirilgan yig‘ilishga kirishidan avval ushbu voqea sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa tanqidiy tarbiyaviy soatdan so‘ng maktab o‘quvchisi vafot etgani haqidagi xabarlar tarqatilmoqda. Hozirda mazkur holat yuzasidan vakolatli organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu jarayonda ayrim hamkasblarimiz, ommaviy axborot vositalari vakillaridan rasman tasdiqlanmagan gap-so‘zlarni ommaviy kanallar orqali tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz”, deydi Bobur To‘laganov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida 17 yoshli o‘smir o‘z tanishi bilan avvalroq o‘rtasida yuzaga kelgan nizo oqibatida janjallashib, xo‘jalik pichog‘i bilan unga tan jarohati yetkazgan holda qasddan o‘ldirgan edi.

Javohir Aliqulov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

maktab vafot etdi o'quvchi Olmaliq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing