Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talaba qizlarga murojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
28 Oktabr 2021
10577Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talaba-qizlarga murojaat bilan chiqib, yangi ishonch telefoni hamda bot ishga tushirilganini ma’lum qildi. Ushbu ishonch raqami orqali talaba-qizlar o‘qish joyida tegajog‘lik, tazyiq yoki zo‘ravonlik kabi holatlarning guvohi bo‘lganda murojaat qilishi mumkin.
“Agar siz ta’lim olayotgan yoki mehnat qilayotgan oliygoh, professional ta’lim muassasasida sizga nisbatan biron-bir ko‘rinishda tegajog‘lik, tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etilgan bo‘lsa, yoxud ana shunday nojo‘ya xatti- harakatlar tahdidi ostida bo‘lsangiz yoki guvohi bo‘lgan bo‘lsangiz, hech ikkilanmay Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1006 ishonch telefoniga yoki @himoya_otv_bot ga murojaat qiling!”, deyiladi vazirlik xabarida.
Qayd etilishicha, murojaatchining shaxsi va shaxsiy ma’lumotlari sir saqlanadi. Zarur bo‘lgan barcha yordam ko‘rsatiladi, nojo‘ya xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik, sodir etilgan har bir holat bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.
“Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimida sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, muhtarama ayollarimizning, aziz opa-singillarimizning sha’ni, qadr-qimmati, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vazirligimiz uchun ustuvor ahamiyatga egadir”, deya keltirilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 oktyabr kuni Toshkent davlat pedagogika universitetining 3-kursida tahsil oluvchi talaba qizga dekan o‘rinbosari tegajog‘lik qilib, niyatiga yetolmagach uni derazadan itarib yuborgan edi.
Hozirda Bog‘abek Yo‘ldoshev hibsga olingan. Holat bo‘yicha Yakkasaroy tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi