Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Malibu-2 sotib oladi. Qimmatbaho avtomobil kimga kerak bo‘lib qoldi?
Jamiyat
−
13 fevral 2021
10193O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qariyb 326 mln so‘mga Malibu-2 avtomobilini xarid qilish uchun shartnoma tuzdi. Bu haqdagi ma’lumot davlat xaridlari portaliga joylangan.
QALAMPIR.UZ avtomobil sotib olinishi yuzasidan ma’lumot uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati bilan bog‘landi. O‘z o‘rnida, vazirlik axborot xizmati Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonovdan iqtibos keltirdi.
Unga ko‘ra, xizmat avtomobili vazir uchun emas, vazir o‘rinbosarlaridan biri uchun xarid qilinmoqda. Abduqodir Toshqulov Hukumat bergan va barcha vazirlar foydalanadigan xizmat mashinasidan foydalanishda davom etyapti.
Avtomobilning xarid qilinishiga sabab sifatida, vazir o‘rinbosarlaridan biri 2014 yildan buyon Lacetti-Gentra rusumli avtomobildan foydalanib kelishi ma’lum qilingan.
Yillar davomida ushbu transport vositasining texnik holati eskirgan. Shu tufayli u ko‘p xarajatni talab qilyapti. Mana shu xarajatlarni kamaytirish uchun ham uni almashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 yanvar kuni Abdukodir Xamidovich Toshkulov O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimiga tayinlangandi.
Shuningdek, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks 1758-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.
LiveBarchasi