Oliy sud To‘xtanazarovning qamoqdan ozod qilinishiga izoh berdi
Jamiyat
−
06 fevral 2019
1686Avval xabar berganimizdek, Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashining sobiq deputati Olimjon To‘xtanazarov hibsdan ozod qilindi. Mazkur holat yuzasidan biroz avval O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tushuntirish bergan edi. Poraxo‘rlikda ayblangan To‘xtanazarovning ko‘pga bormay ozodlikka chiqishi, odamlar orasida turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ham rasmiy bayonot berdi. Unday shunday deyiladi:
2019 yil 5 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudida sudlanuvchi Olimjon To‘xtanazarov (1969 yilda Namangan viloyatining Pop tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, uch farzandi bor, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Toshkent” teleradiokanali” DUK rejissyori lavozimida ishlagan, Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi deputati bo‘lgan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, O. To‘xtanazarovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi, 28-moddasi (jinoyat ishtirokchilarining turlari) orqali 211-moddasi (pora berish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi.
O. To‘xtanazarovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 61-moddasi (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 3 yil 1 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
O. To‘xtanazarovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 62-moddasi (dastlabki qamoq vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida 2018 yil 22 sentyabrdan 2019 yil 5 fevral kuniga qadar 4 oy 14 kun qamoqni har bir kunini ozodlikni cheklash jazosini bir kuniga hisoblab, tayinlangan jazodan chegirilib, 2 yil 8 oy 16 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.
Sudlanuvchi O.To‘xtanazarovga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
Shuningdek, sud tomonidan sudlanuvchi va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.
LiveBarchasi