“Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi
Jamiyat
−
28 mart
3603O‘zbekistonda 2025/2026 o‘quv yilidan “Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 26 mart kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Farmonga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilidan:
- oliy harbiy ta’lim muassasalarining namunali kursantlari (talabalari) va tinglovchilari uchun “Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi;
- o‘quvchilar o‘rtasida muhandislik-ixtirochilik yo‘nalishida olimpiadalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda g‘olib bo‘lgan bitiruvchi yoshlar davlat oliy ta’lim muassasalarining olimpiada yo‘nalishiga mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga imtihonlarsiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Bundan tashqari, yoshlarni ilmga qiziqtiruvchi, tarbiyaviy ahamiyatga ega va umummilliy qadriyatlarni shakllantirishga xizmat qiluvchi milliy mediakontentlar yaratish hamda eng yaxshi intellektual shoularni tashkil etish uchun 100 million so‘mgacha grantlar ajratiladi.
Shuningdek, yoshlarda tabiatga muhabbat hissini uyg‘otish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Yoshlar ishlari agentligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Yashil tashabbuslar”ni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Mazkur jamg‘arma 10 milliard so‘mgacha miqdorda shakllantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, 14 fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari bilan o‘tkazgan muloqotida harbiy oliygohlarning namunali tinglovchilari uchun “Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etilishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi