Olinmagan qasos. Mundial ushalmas orzumi?

Tahlil

Qadrli milliy terma jamoa! Men O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon sizning Jahon chempionatiga chiqishingizni orzu qilib kelayotgan, sochiga oq oralagan, g‘alabangizda quvonib, mag‘lubiyatingizda xunob bo‘lib, gol urganingizda xursandchilikdan ichiga sig‘may, o‘tkazganingizda ko‘ziga yosh olgan, yillar davomida alamli mag‘lubiyatlarni qabul qilib olganingizda noumid bo‘lmay bugun farzandini uylantiradigan, qizini uzatadigan yoshga yetdim. Siz mundial eshigini ochishingizgacha bo‘lgan davr juda uzoq va asabiy tarzda o‘tmoqda. Shu vaqtga qadar o‘sha ordonaqurg‘ur chempionatda o‘ynashingizni kuta-kuta ba’zida futbol ko‘rishdan zada bo‘lgan, alamli mag‘lubiyatlardan yuragi og‘riydigan muxlisingiz sizga murojaat qilmoqchi. Iltimos, bizni buyog‘iga qiynamang. 2 ta to‘p o‘tkazib turganimizda, 2 marta umid hissini kuchaytirib, oxirida yuzimizga muzdek suvni sepishni bas qiling. Ha, bilamiz mundialga chiqish oson emas, lekin siz buni uddalay olasiz. Siz uchun ko‘ziga yosh olib, maydonga to‘p tepishingizni tomosha qilgan 37 millionlik xalqning haqqi-hurmati, mundial havosi O‘zbekistonga  ham yetib kelsin! Hurmat bilan MTJ muxlisi.

Ha, bunday muxlislar kam deysizmi? To‘g‘ri Qatar bilan o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsak-da, bir qarashda hali hammasi joyida, futbolchilarimiz guruhda 2-o‘rinni band etgan. Ortimizdan kelayotgan BAA va Qatar bilan 3 ochkolik tafovut bor va biz hamon mundialga yaqinmiz, biroq qatarliklardan uchralgan alamli mag‘lubiyat baribir ko‘nglimizda kichik bo‘lsa-da, qo‘rquvning kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Oxirida hammasi baxayr tugashidan umidvor bo‘lgan holda bugungi sport dayjestimizni boshlaymiz. Assalomu alaykum.

O‘zbekiston alamli tarzda Qatarga mag‘lub bo‘ldi

14 noyabr kuni futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatining saralashi Osiyo qit’asi 3-bosqich “A” guruhi 5-turi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safarda Qatar bilan kuch sinashdi.

O‘yinning birinchi taymi o‘zbekistonliklar uchun omadsiz boshlandi. Dastlab, o‘yinning 21-daqiqasida mehmonlar sardori Eldor Shomurodov jarohat oldi va o‘z o‘rnini Jaloliddin Masharipovga bo‘shatib berdi. Oradan 4 daqiqa o‘tib, mezbonlar vakili Almoyez Ali gol urib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Qarama-qarshi kechgan hujumlardan so‘ng 41-daqiqada qatarliklar vakili Almoyez Ali yana gol urib, dubl qayd etdi. Ilk taym shu tariqa Qatar milliy terma jamoasining 2:0 hisobdagi ustunligi bilan yakunlandi.

Ikkinchi bo‘limda o‘zbekistonliklarning shiddatli hujumlari boshlandi. Ketma-ket shunday harakatlardan so‘ng, o‘yinning 75-daqiqasida Abbosbek Fayzullayev boshi bilan qatarliklar darvozasini ishg‘ol qilib, hisobdagi farqni qisqartirdi. Oradan 5 daqiqa o‘tib, ikkinchi bo‘limning 25-daqiqasida Abbosbek Fayzullayev yana bir bor bosh bilan gol urib, hisobni tenglashtirdi. O‘yinning 112-daqiqasida Lukas Mendes gol urib, jamoasi g‘alabasini ta’minladi. 

Ma’lumot uchun, ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng O‘zbekiston o‘z guruhida 10 ochko jamg‘arib, 2-o‘rinda bormoqda.

Hamid Sahari Qatar-O‘zbekiston o‘yini haqida karikatura ishladi 

Taniqli karikaturachi-rassom Hamid Sahari Jahon chempionati saralashi doirasidagi Qatar-O‘zbekiston o‘yini yakunlangach, uchrashuv haqida o‘z ijodiy ishini e’lon qildi.

Sahari karikaturasida g‘azabdagi o‘zbek futbolchilari Qatar bilan o‘yinni boshqarib borgan koreyalik hakam Kim Jongheokga yuzlanayotgani, hakamning libosi ichidan esa Qatar terma jamoasi yetakchisi Akrom Afif kulib qarayotgani tasvirlangan.

“O‘zbekistonliklar Qatarga qarshi o‘yin hakamidan nihoyatda g‘azabda”, deb yozgan Sahari karikaturasi ostida.

Ma’lumot uchun, Qatar-O‘zbekston o‘yiniga 6 daqiqa qo‘shib berilgan bo‘lsa ham, hakam uchrashuvni olti emas 12 daqiqa o‘tgach yakunladi va 90+12 daqiqada qatarliklar O‘zbekiston terma jamoasi darvozasiga g‘alaba to‘pini kiritdi. Jahon chempionati saralashining 5-turidan keyin O‘zbekiston “A” guruhida 10 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. 1-o‘rinni band etgan Eron hisobida 13 ochko mavjud bo‘lsa, “oq bo‘rilar”ni mag‘lub etgan Qatar hisobida 7 ochko bor.

Jahon chempionati saralashi “A” guruhi 5-tur doirasidagi Qatar-O‘zbekiston bahsi yakunlangach, futbolchilarning o‘yindagi baholari e’lon qilindi.

O‘zbekiston terma jamoasidan eng yuqori bahoni Abbosbek Fayzullayev qo‘lga kiritdi. Qatarliklar darvozasiga 2 ta to‘p kiritgan Fayzullayevning xatti-harakatlari 8,7 ballga loyiq ko‘rildi. Bu borada eng past ko‘rsatkichni O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi, zaxiradan maydonga qo‘shilgan Rustam Ashurmatov qayd etdi – 6,3 ball. Shuningdek, jarohat sabab juda erta zaxiraga olingan jamoa sardori Eldor Shomurodov ham eng past baholardan biriga loyiq ko‘rildi – 6,4 ball. 

Mezbonlar safida kutilganidek eng yuqori ko‘rsatkichni jamoa sardori Akrom Afif qayd etdi. U o‘z nomiga assist yozdirib qo‘yish barobarida, jamoasining xavfli hujumlarini tashkil etishda bosh qosh bo‘ldi. Afif xatti-harakatlari 8,9 ballga loyiq ko‘rildi. Qatarliklarning 2 ta goliga mualliflik qilgan Almoez Ali 7,8 ball bilan baholandi.

Hakamdan aybni qidirishni to‘xtataylik – Sardor Rashidov

O‘zbekiston terma jamoasining sobiq futbolchisi Sardor Rashidov Qatar-O‘zbekiston o‘yinida hakamni ayblash noto‘g‘ri deb, hisobladi. Bu haqda futbolchi QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.

“O‘yindan oldin Afifni to‘xtatish uchun 50 foiz imkoniyatidan foydalansak yetadi degan edim, 10 foiz emas. Kecha murabbiylar jangi bo‘ldi va Qatar murabiyi to‘g‘ri qaror qabul qilib, o‘yinni yutib ketdi, lekin hali hech narsa yo‘qotilmadi, Shimoliy Koreyani yutsak hammasi joyida bo‘ladi”, deydi Rashidov.

Shuningdek, 33 yoshli futbolchi O‘zbekiston terma jamoasining mag‘lubiyatida hakamning hech qanday aybi yo‘q ekanini ta’kidladi. 

“Hakamning nima aybi bor? Fayzullayev bilan bog‘liq vaziyatda hakam bizni foydamizga qaror qabul qilish uchun VAR'ga bordi va buning ta’sirida vaqt yo‘qotildi. Mag‘lubiyat uchun hakamdan aybni qidirshni to‘xtataylik, uydagi o‘yinlarda hakamlar bizga ancha yordam berdi, misol uchun Eron bilan o‘yinda penalti bekor qilingan edi”, deydi futbolchi.

Eldor Shomurodov Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Rimning "Roma" klubi a’zosi Eldor Shomurodov 19 noyabr kuni Jahon chempionati saralashi 6-turi doirasida KXDRga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmaydi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qatar bilan bahsda jarohat olib, 21-daqiqada zaxiraga olingan Shomurodovning jarohati jiddiy bo‘lib chiqdi va u taxminan 1 oyga safdan chiqdi.

Shuningdek, terma jamoaning yana bir yetakchi futbolchilaridan biri Otabek Shukurov ham Qatar bilan o‘yinda o‘zini noqulay his qilayotgandi. Hozirda uning ham bo‘lajak o‘yinda ishtirok etishi so‘roq ostida.

O‘zbekiston terma jamoasining 23 yoshli futbolchisi Oston O‘runov ham jarohati bois Shimoliy Koreya bilan bahsda maydonga tushmasligi mumkin.
Shukurov ham KXDR bilan o‘yinni o‘tkazib yuboradi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining yetakchi futbolchilaridan biri Otabek Shukurov 19 noyabr kuni Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinda jamoadoshlariga yordam bera olmaydi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.

28 yoshli futbolchi Qatar bilan o‘yinning birinchi bo‘limida jarohat oldi, biroq og‘riq bilan bo‘lsa ham bahsni davom ettirdi. Hozircha futbolchining qancha muddatda safga qaytishi noma’lum.

Shuningdek, terma jamoa hujumchilaridan biri Oston O‘runov garchi o‘yinlar qaydnomasiga kiritilgan bo‘lsa ham, KXDR bilan bahsda maydonga tushishi so‘roq ostida. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing