Olimlar tartibsiz ovqatlanishning kutilmagan xavfidan ogohlantirdi
Salomatlik
−
26 may 319 2 daqiqa
Seuldagi Muqaddas Mariya universiteti shifoxonasi olimlari asosiy ovqatlanish vaqtini tez-tez o‘tkazib yuboradigan odamlarda depressiya belgilari ko‘proq kuzatilishini aniqladi. Shu bilan birga, xilma-xil ratsion (taomnoma) bu bog‘liqlikni qisman zaiflashtirishi mumkin. Ushbu tadqiqot ishi “Journal of Affective Disorders” (JAD) jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqotchilar 2014–2022 yillarda Koreya milliy salomatlik va ovqatlanishni o‘rganish tadqiqoti doirasida to‘plangan 21 568 nafar voyaga yetgan ishtirokchilarning ma’lumotlarini tahlil qilgan. Olimlar odamlarning qanchalik tez-tez nonushta, tushlik va kechki ovqatni tanovul qilishini, shuningdek, ularning ratsioni xilma-xilligini va depressiya belgilarining namoyon bo‘lish darajasini baholagan.
Agar inson asosiy ovqatlanish vaqtidan birini haftasiga besh martadan kamroq bajarsa, bunday ovqatlanish tartibsiz deb hisoblanadi. Bundan tashqari, tadqiqotchilar ovqatlanishning xilma-xillik ko‘rsatkichini ham hisoblab chiqqan: bunda oltita guruhga mansub mahsulotlar – donli mahsulotlar, sabzavotlar, mevalar, go‘sht, dukkaklilar va yong‘oqlar, shuningdek, sut mahsulotlarining iste’mol qilinishi hisobga olingan.
Aniqlanishicha, ovqatlanish tartibi eng ko‘p buzilgan odamlarda muntazam ovqatlanadiganlarga qaraganda depressiya belgilari paydo bo‘lish ehtimoli 1,55 baravar yuqori bo‘lgan. Ovqatlanish jadvali qanchalik tartibsiz bo‘lsa, kayfiyat yomonlashishi xavfi shunchalik yuqori bo‘lib chiqqan.
Bu bog‘liqlik ayniqsa bir xil ratsionga ega odamlarda yaqqol namoyon bo‘lgan. Buning aksi o‘laroq, xilma-xil ovqatlanish taomni o‘tkazib yuborishning salbiy ta’sirini qisman yumshatgan. Mualliflarning fikricha, bu organizmga vitaminlar va yallig‘lanishga qarshi moddalarning ko‘proq kirishi hamda ichakning sog‘lom mikroflorasi saqlanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar nonushta masalasini alohida ajratib ko‘rsatgan. Ertalabki taomni muntazam ravishda o‘tkazib yuboradigan odamlarda tartibsiz ovqatlanish va depressiya simptomlari o‘rtasidagi aloqa yanada kuchaygan. Ruhiy holatning eng yomon ko‘rsatkichlari bir vaqtning o‘zida ham nonushtani o‘tkazib yuboradigan, ham bir xil ratsionga ega bo‘lgan ishtirokchilarda kuzatilgan.
Maqola mualliflarining bildirishicha, nonushta tungi ochlik davridan keyin organizmdagi moddalar almashinuvi (metabolizm) jarayonlarini ishga tushiradi. Uni o‘tkazib yuborish qondagi shakar miqdorining tebranishiga olib kelishi va his-tuyg‘ular hamda kognitiv funksiyalarga ta’sir qiluvchi ertalabki gormonal ritmlarni buzishi mumkin.
Shu bilan birga, ushbu tadqiqot sabab-oqibat aloqasini to‘liq isbotlamaydi. Buning teskari bayonoti ham mavjud bo‘lishi mumkin: depressiyaga chalingan odamlar ko‘pincha ishtahasini yo‘qotadi, ularda motivatsiya pasayadi va shu sababli ovqatlanish vaqtlarini tez-tez o‘tkazib yuboradi. Bundan tashqari, mualliflar kayfiyatga ta’sir qiluvchi uyqu sifati va stress darajasini hisobga olmagan.
Shunga qaramay, tadqiqotchilar nafaqat ovqatning tarkibi, balki ovqatlanish rejimi ham ruhiy salomatlikni saqlashda muhim rol o‘ynashi mumkin deb hisoblaydi.
Live
Barchasi