Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Olimlar Motsartning haqiqiy qiyofasini tikladi

Madaniyat-san’at

image

Olimlar taniqli bastakor Volfgang Amadey Motsartning haqiqiy qiyofasini tikladi – portret uning bosh suyagi asosida qayta ishlangan. Bu haqda “Anthropological Review” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, tarixchilar ko‘p yillar davomida Motsartning asl qiyofasi qanday bo‘lganini aniqlashga harakat qilgan. Uning hayotlik davrida chizilgan portretlari juda kam, mavjud bo‘lganlari esa bir-biridan keskin farq qiladi. Aksariyat tasvirlar esa bastakor vafot etganidan keyin chizilgan. 

Tadqiqot mualliflari ilg‘or texnologiyalar va Motsartga tegishli deb hisoblangan bosh suyagi yordamida uning tashqi ko‘rinishini qayta tiklagan. Shu bilan birga, ekspertlarning ta’kidlashicha, bosh suyagining haqiqiyligi to‘liq isbotlanmagan. Afsonaga ko‘ra, u Motsartning o‘limidan 10 yil o‘tgach, noma’lum qabr qazuvchi tomonidan topilgan. Yuz yildan ko‘proq vaqt davomida topilma kollektorlar qo‘lidan o‘tgan, 1902 yilgacha u Zalsburgdagi Motsartiumda saqlangan. 

Ushbu bosh suyagiga asoslanib, braziliyalik sud tibbiyoti rekonstruksiya mutaxassisi Sisero Morais va uning jamoasi Motsartning yuz tuzilishini qayta tasvirlagan. Yetishmayotgan pastki jag‘ va tishlar grafik yordamida tiklangan, so‘ngra yuzning yumshoq to‘qimalari yevropaliklarning tashqi ko‘rinishiga moslashtirib shakllantirilgan.

Bundan tashqari, anatomik deformatsiya usuli qo‘llanilib, virtual donor bosh suyagi Motsartga tegishli deb hisoblangan suyak o‘lchamlariga moslashtirilgan. Qayta tiklash yakunida model bastakorning davriga mos liboslar va klassik soch turmagiga joylashtirilgan.

Natijada olingan qiyofa Motsartning hayotlik davrida chizilgan ikki mashhur portretiga – Yozef Lange (1783) tomonidan ishlangan tugallanmagan rasm hamda Dora Shtok (1789) eskiziga juda o‘xshash bo‘lib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tarixda o‘zining klassitsizm va romantizm janridagi musiqalari bilan nom qoldirgan nemis bastakori Lyudvig van Betxoven haqidagi yangi tadqiqotlar u nima uchun 20 yoshida kar bo‘lib qolgani va o‘limiga sabab bo‘lgan omillarga aniqlik kiritgan edi. Bastakor ayni navqiron – 20 yoshida eshitish qobiliyatini yo‘qotishdan tashqari, umri davomida oshqozon-ichak kasalliklaridan aziyat chekkan, ikki marta sariq kasal xurujini boshdan kechirgan va og‘ir jigar xastaligiga chalingan. 2024 yilning 6 may kuni “Clinical Chemistry” jurnalida chop etilgan yangi hisobotga ko‘ra, ijodkorning soch o‘rimlari tarkibida qo‘rg‘oshinning yuqori konsentratsiyasidan tashqari, mishyak va simob aniqlangan. Tadqiqot mualliflari qo‘rg‘oshin bilan zaharlanish Betxovenning o‘limi yoki karligi uchun yagona sabab bo‘lolmasligini ta’kidlagan. Ammo zaharlanish uning kar bo‘lib qolishi, mushaklar falajligi va buyrak yetishmovchiligini boshdan kechirishiga sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Motsart

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar