Ola! “Jeyms Nazarov” qimmatbaho taklifni rad etib, Ortiqxo‘jayevning mahsuloti reklamasida tekinga tushgan
Intervyu
−
16 fevral 2022
25392O‘zbekistonda nom chiqargan tadbirkor, poytaxtdagi eng osmono‘par bino Nest one loyihasining investori sifatida ko‘riladigan, ammo bunga ko‘pincha shubha bilan qaraladigan Murod Nazarov xorijiy yirik kompaniyaning reklama roligida 200 ming dollar evaziga suratga tushishni rad etib, poytaxt hokimi Ortiqxo‘jayevga tegishli yana bir kompaniyaning reklamasida g‘irt tekinga o‘ynab berganini ma’lum qildi. U bu haqda bloger Shoira Mirsodiqovaning YouTube kanali uchun bergan intervyusida gapirgan.
Bloger Nazarovdan u suratga tushgan reklamadagi mahsulot kimniki ekani haqida so‘ragan.
“Yo‘q-yo‘q, [mahsulot] ustozimiz Jahongir Ortiqxo‘jayevning qizlariniki. Suratga olish ishlari qiziq jarayon bo‘lgan.
Ko‘p joylardan reklamaga taklif qilishadi, qaramayman, biz aktyor, reklama agentligi emasmiz. Jeyms Bond roligini olishdan ikki oy oldin bir xorijiy, juda jiddiy kompaniyadan taklif bo‘lgandi, bir kunlik tasvirga olish jarayonlari uchun 200 ming dollar beramiz, deyishgan. Rozi bo‘lmagandim.
Lekin [Ortiqxo‘jayevning qiziga tegishli mahsulot] reklamasiga birgina telefon qo‘ng‘irog‘ida rozi bo‘lganman. Chunki Jahongir akadan yomon g‘oya chiqmaydi. O‘shanda ustoz kechasi soat 23:30 larda telefon qilib qoldilar, tinchlikmikan, deb go‘shakni ko‘tarsam, menga qarang, bitta zo‘r g‘oya bor, sizga mo‘ljallab qilinadi. Jeyms Bond bo‘lgingiz keladimi? Parashyutdan sakrashni eplaysizmi, dedilar. Men rozi bo‘ldim.
Tekinga o‘ynab berganman, o‘zimga yoqqani uchun. Ikki kun vaqtimiz ketgan. Hammayog‘im qonab, ko‘karib ketgandi. Kaskadyorlardan foydalanmadik, o‘zim qildim hammasini. Bir hafta qonab yurdi, aktyorlarga ham oson emas ekan”, deydi Nazarov.
Ma’lumot o‘rnida, Ortiqxo‘jayev va uning oilasi O‘zbekistonda va xorijda o‘nlab korxonalarga egalik qiladi. Bugun Nest one loyihasining investori “Özgüven Mimarlık” shirkati ham asli kelib chiqishi Ortiqxo‘jayevga borib taqalishi haqida gap-so‘zlar bor.
LiveBarchasi