OKMK jamoasi kasb bayramini nishonladi
Biznes
−
20 may 2023 5879 2 daqiqa
Ma’lumki, har yili may oyining uchinchi yakshanbasi O‘zbekiston konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi ushbu qutlug‘ sanani mehnatdagi yuksak natijalari va ko‘tarinki kayfiyat bilan qarshi oldi.
Sana munosabati bilan kombinatning barcha tarkibiy bo‘linmalarida bayram dasturxoni yozilib, ayyom tadbirlari tashkil etildi. Joylarda ilg‘or ishchi-xodimlarga kombinat faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg‘alari tuhfa etildi.

19 may kuni OKMK sport majmuasida ishchi xodimlar uchun konsert dasturi havola etildi. Tadbir debochasida kombinat tarkibiy bo‘linmalarining o‘ziga xos paradi o‘tkazildi.

OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov barchani kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etib, kombinat mehnat jamoasi tomonidan barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bajarilayotgani, investitsiyaviy loyihalar jadal sur’atlarda amalga oshirilayotganini aytar ekan, kombinat ishchi xodimlarining mehnati tahsin va maqtovga loyiq ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
An’anaga ko‘ra, uzoq yillik samarali va fidokorona mehnatlari uchun joriy yilda 22 nafar ishchi-xodimlar turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.


O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ravshan Komilov, Ilhom Farmanov, Ilyos Arabov, Mohichehra Shomurodovalar tomonidan ijro etilgan dilrabo taronalar bilan davom etgan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbir so‘nggida an’anaviy tarzda o‘tkazilgan mushakbozlik tomoshalari mezbonu uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarda yorqin taassurot qoldirdi.

Bayram tadbirlari 20 may kuni xalq sayli bilan davom ettirildi.
Unda kombinat tarkibiy bo‘linmalarining gigant texnika vositalaridan tortib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va maketlar ko‘rgazmasi taqdim etildi.

Ko‘rgazmada noyob ishlanmalari bilan taassurot qoldirgan va faol ishtirok etgan korxonalar kombinat rahbariyati va Kasaba uyushmalari kengashining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Xalq sayli shuningdek, sport musobaqalari, turli tanlovlar, bolalar o‘yinlari va boshqa qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi.
“Metallurg” MM ijodiy jamoalari kechga qadar kuy-qo‘shiqlari bilan xush kayfiyat ulashdi.



Reklama huquqi asosida
Live
Barchasi