OKMK: Uch-quloch koni yangi nafas bilan ish boshladi

Biznes

image

Ma’lumki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish maqsadida joriy yilning 10 fevral kuni Jizzax viloyatiga borgan edi. Mazkur tashrif chog‘ida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakat rahbari Jizzax viloyatida 2023 yilni “Sanoatni rivojlantirish yili” bo‘lishini ta’kidlab, bu bo‘yicha mas’ullarga bir qator vazifalarni amalga oshirish belgilab berilgandi.

Xususan, xorijiy investorlar bilan hamkorlikda Uch-quloch konini tiklash va kamida 600 ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yilib, loyihaga 200 mln dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan edi.

Mazkur topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 12 aprel “Uch-quloch polimetall konini kompleks o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasining amalga oshirilishiga start berildi.

Mazkur ob’ektning ochilish marosimida Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyev, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari A’zam Qodirxonov, “Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv raisi Abdulla Xursanov, “Esan Eczacibasi” kompaniyasi bosh direktori Savash Shaxin ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bu kabi yirik loyihalar O‘zbekistonning polimetall rudalarni qazib olish va konchilik salohiyatidan unumli foydalanish, xom-ashyo va tayyor mahsulot ishlab chiqarib, eksport qilish quvvatlarini oshirishga qaratilganligini ta’kidladi.

Mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Turkiyaning “Esan Eczacibasi” kompaniyasi o‘rtasida 3 tomonlama shartnoma tuzilgan bo‘lib, qo‘shma korxona tashkil etiladi. Konda razvedka ishlarini olib borish, rudani qazib olish va qayta ishlash amalga oshiriladi.

Kondan yiliga ochiq usulda 500 ming tonna polimetall ruda qazib olinadi.

Shuningdek, loyiha doirasida yiliga 500 ming tonna rudani qayta ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy boyitish fabrikasi quriladi.

Boyitish fabrikasida yiliga 5,4 ming tonna rux konsentrati hamda 18,4 ming tonna qo‘rg‘oshin konsentrati olinadi.

Loyiha bo‘yicha mavjud maydalangan rudalar ombori bilan maydalash-ortish uzeli to‘liq ta’mirlanadi. Tashqi muhandislik kommunikatsiyalari barpo etiladi. Avtomobil va temiryo‘llarda rekonstruksiya ishlari olib boriladi.

Eng muhimi, loyiha amalga oshirilishi natijasida kamida 600 ish o‘rinlari yaratiladi hamda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ta’minlanadi.

Tadbir davomida Uch-quloch koni faxriylari va yoshlari ham kon faoliyati tiklanishi ushbu xududga yangi nafas olib kirishini va yoshlarga keng imkoniyatlar eshigi ochilishini aytib, o‘z fikrlarini bildirdi.

Tadbir “Metallurg” madaniyat saroyi ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.

Ma’lumot uchun: 

Hozirgi kunda jahon bozorida 1 tonna qo‘rg‘oshinning narxi 2 128 dollar, ruxning tonnasi esa 2 810,50 dollarni tashkil etadi.

Qo‘rg‘oshin asosan akkumulyatorlar ishlab chiqarishda ishlatiladi. Shuningdek, qo‘rg‘oshin radioaktiv nurlarni yutishi sababli undan radioaktiv moddalar saqlanadigan idishlar, rentgen xonalari uchun qurilmalar tayyorlanadi. Korroziyadan va mexanik ta’sirdan himoya qilish uchun ham elektr kabellar qo‘rg‘oshin bilan qoplanadi.

Rux asosidagi qotishmalar avtomobil salonining ichki qismini bezash uchun, eshik tutqichlari, qulflar, nometall va artgich korpuslarini ishlab chiqarishda ishlatiladi.

Shuningdek, rux oksidi avtomobil shinalariga qo‘shiladi, bu esa kauchuk sifatini yaxshilaydi.

Reklama huquqi asosida


Maqola muallifi

Teglar

OKMK Uch-quloch koni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing