OKMK-“As-Sib” o‘yini translyatsiyasi bo‘yicha yangilik e’lon qilindi
Sport
−
15 avgust 2023
5712Bugun, 15 avgust kuni O‘zbekistonning OKMK klubi Osiyo Chempionlar ligasi (OCHL) saralash bosqichi doirasida Ummonning “As-Sib” jamoasiga qarshi bahs olib boradi. OFK talablaridagi nomuvofiqlik tufayli translyatsiya borasida muammo yuzaga keldi. Bu haqda futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev o‘z Telegram sahifasida ma’lum qildi.
Uning fikricha, O‘zbekiston hududidagi barcha OFK musobaqalarini translyatsiya qilish huquqi bugungi o‘yinni translyatsiya qilishdan manfaatdor bo‘lmagan Uzreport kanaliga tegishli. Biroq Chempionlar ligasi va OFK kubogining saralash bosqichi hamda pley-off o‘yinlariga barcha tijoriy huquqlar klublar ixtiyorida. Demak, translyatsiya masalalarini OKMK klubining o‘zi hal qiladi.
Biroz vaqt o‘tgach, O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) sahifasida bahs MTRK tomonidan jonli efirda namoyish etilishi ma’lum qilindi.
“Sport telekanali Olmaliq shahriga o‘z ishchi-guruhini yuboradi. Bellashuv eng kamida YouTube platformasi orqali jonli ko‘rsatiladi. Mazkur bahsni MTRK telekanali yoki boshqa ilovalari orqali namoyish etilishi masalasi tez orada hal bo‘lishi mumkin”, deyiladi O‘zPFL xabarida.
Ma’lumot uchun, OCHL saralashidan o‘rin olgan OKMK-“As-Sib” bahsi bugun soat 20:00 da boshlanadi. Uchrashuv g‘olibi saralashning keyingi o‘yinida Qatarning “Al-Arabi” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
LiveBarchasi