Ulkan fojialarning yakuniy qahramonlari hayoti qanday tugagan?

Tahlil

image

Tarix ko‘pincha birinchi odamlarning ismlarini saqlaydi, lekin kamdan-kam hollarda oxirgi odamlar tarixga kiradi. QALAMPIR.UZ tarixda ismi saqlanib qolgan ana shunday “oxirgi odamlar”ning 5 nafari haqida so‘z yuritadi.

                                                                      “Titanik”ni tark etgan oxirgi odam

Charlz Jokin 1912 yilning aprel oyida birinchi va oxirgi safarida “Titanik”ning ekipaj a’zolaridan biri edi. U Belfastdan Sautgemptonga yetib kelganida kema bortida bo‘lgan. Bosh novvoy sifatida Jokin oyiga 12 funt-sterling maosh olgan va o‘n uch nafar novvoyxona xodimini boshqargan. Kema 14 aprel kuni kechqurun soat 23:40 da aysberg bilan to‘qnashganda, Jokin xizmatdan ketib, dam olib yotgan edi. U kema aysbergga urilgan vaqtda zarbani his qilgan va darhol o‘rnidan turgan. Yuqori palubalardan ofitserlar qutqaruv qayiqlarini suvga tushirishga tayyorlayotgani xabar qilingan va Jokin o‘n uch novvoyni qutqarish qayiqlari uchun oziq-ovqat bilan yuborgan.

U 10-sonli qutqaruv qayig‘ida bosh ofitser Genri Uayldga qo‘shilgan. Jokin styuardlar va boshqa dengizchilar bilan birga ayollar va bolalarni qutqaruv qayig‘iga olib borishga yordam berdi, biroq biroz vaqt o‘tgach, palubadagi ayollar “Titanik” bortida o‘zlarini xavfsizroq his qilishini aytib, qayiqqa minmagan. Jokin esa kemaga chiqqan va ayollar hamda bolalarni qutqaruv qayig‘iga majburan tushirgan. Garchi u 10-sonli qutqaruv qayig‘i kapitani etib tayinlangan bo‘lsa-da, Charlz bortga chiqmagan. U qutqaruv qayig‘ini suvga tushirgach, xonasiga qaytib spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Keyin u eski shifokor bilan uchrashib, yana yuqoriga ko‘tarilgan. Qayiq palubasiga qaytib kelganida, barcha qayiqlar allaqachon ishga tushirilgan edi, shuning uchun u A palubasiga tushdi va flotatsiya moslamalari sifatida foydalanish uchun ellikka yaqin stullarni suvga uloqtirgan.

O‘zining guvohligiga ko‘ra, u taxminan ikki soat davomida suvda bo‘lgan va oqibatda oyoqlari shishib ketgan. Charlz, shuningdek, ichgan spirtli ichimligi tufayli deyarli sovuqni his qilmaganini so‘zlab bergan. Shunday qilib, u kemani tark etgan oxirgi odam sifatida tarixda qolgan. Charlz Jokin “Titanik” fojiasidan 41 yil o‘tib, 1956 yil 9 dekabrda 78 yoshida vafot etgan.

                                                       Birinchi jahon urushida halok bo‘lgan oxirgi odam

Birinchi jahon urushi oldidan Genri Gyunterning hayoti ancha muvaffaqiyatli bo‘lgan: 19 yoshida u Baltimor bankida hisobchi bo‘lib ishlagan va unashtirilgan. Genri AQSHning urushga kirishini mamnuniyat bilan qabul qilmagan – u nemis muhojirlari oilasidan chiqqan va o‘zining tarixiy vatani bilan urushga safarbar etilishini yoqtirmagan. 1917 yilning sentyabr oyida u urushga safarbar qilindi va 1918 yilning iyul oyida serjant unvoni bilan Fransiyaga ko‘chirildi. Urush davomida Gyunter o‘z do‘stiga maktub yo‘llab, urushning dahshatli manzarasidan shikoyat qilgan va har qanday holatda ham safarbarlikdan qochishni maslahat bergan. Xat harbiy senzura xodimlarining qo‘liga yetib borgan va Gyunterga tanbeh berilib, lavozimidan tushirilgan.

12 sentyabrda uning bo‘linmasi Myoz daryosi va Argon o‘rmoni hududidan nemislarni siqib chiqarish uchun yuboriladi. 11 noyabr kuni ertalab soat 05:20 atrofida Germaniya va Antanta o‘rtasida sulh imzolanadi, uning shartlari Yevropadagi Amerika harbiy kontingentiga ham tegishli edi. Kelishuv o‘sha kuni soat 11:00 da kuchga kirishi kerak edi. Germaniya imzolangandan so‘ng darhol harbiy harakatlarni to‘xtatishni taklif qildi, ammo ittifoqchilarning bosh qo‘mondoni marshal Ferdinand Fosh taklifni rad etadi va janglarning katta qismi davom etadi. Sulh imzolanishi va uning kuchga kirishi orasidagi olti soat ichida 11 mingga yaqin odam halok bo‘lgan yoki yaralangan, oxirgi qurbon Genri Gyunter edi. Uning otryadi Chaumont-devant-Damiliyer qishlog‘ida pozitsiyalarni egallashga harakat qiladi va pulemyot ekipajlari bilan Germaniya nazorat punktiga yo‘l oladi. Soat 10:59 da Gyunter, serjantning joyida qolish haqidagi buyrug‘iga qaramay, hujumga o‘tadi va sulh kuchga kirishidan bir daqiqa oldin otib tashlanadi.

Amerikalik askarlar uyga qaytganidan so‘ng, yozuvchi va jurnalist Jeyms Keyn Gyunterning hamkasblari bilan bir necha bor suhbatlashgan. Askarning umidsiz hujumiga AQSHga sodiqligini isbotlash va urushdan keyin boshliqlarning hurmatini qaytarish istagi sabab bo‘lgan. 2008 yil 11 noyabr – Faxriylar kunida Gyunter vafot etgan joyda Chaumont-devant-Damiliyerda soat 10:59 da yodgorlik o‘rnatilgan va ikki yildan so‘ng Baltimordagi qabristonga qabrtoshi o‘rnatilgan.

                                                                Qo‘shma Shtatlarga olib ketilgan oxirgi qul

Matilda G‘arbiy Afrikada, yoruba jamiyatida tug‘ilgan. 1860 yilda uning qishlog‘iga Dagomeya armiyasi hujum qilgan, ikki yoshli Matilda onasi va ikki singlisi bilan qo‘lga olinib, Vida port shahriga olib ketilgan. U yerda 106 nafar boshqa asirlar bilan birga “Klotilda” kapitani Uilyam Fosterga sotilgan. Transatlantik qul savdosi 1808 yilda texnik jihatdan taqiqlangan edi, ammo bu savdogarlarning qullarni Qo‘shma Shtatlarga olib o‘tishini va keyin ularni “ko‘chmas mulk” sifatida sotishini to‘xtatmadi.

1860 yilga kelib, bu savdo turi ham deyarli yo‘q qilindi. “Klotilda” qonunni buzishda davom etgan oxirgi kema bo‘lib qoldi. 9 iyul kuni u Alabama shtatidagi Mobil ko‘rfaziga kirdi. O‘shanda qullar mahalliy aholiga sotilgan. Matilda va uning onasi Uoker Kreygning fermasida qul bo‘lgan va 1865 yilda qullik bekor qilinmaguncha, ya’ni ular aksiyadorlik bilan shug‘ullanguncha Kreygning plantatsiyasida yashagan. 14 yoshida Matilda birinchi farzandini oq tanli insondan dunyoga keltiradi. Keyin esa yana ikki marta ona bo‘ladi. 1879 yilda u nemis emigranti Yakob Shuler bilan uchrashgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, ular turmush qurmagan yoki birga yashamagan, ehtimol irqlararo munosabatlar tufayli muammolardan qo‘rqqan, ammo er-xotinning yetti farzandi bor edi. 1931 yilda Matilda hukumat Birinchi jahon urushi qatnashchilariga janglarda qatnashgani uchun tovon puli to‘laganini eshitib, qullik uchun ramziy to‘lov talab qilib sudga murojaat qilishga ham qaror qiladi, biroq sudya uning talablarini rad etadi. Matilda 1940 yil 13 yanvarda vafot etgan.

                                                            Gitler bunkerini tark etgan oxirgi odam

1934 yilda elektromexanik Yoxannes Xentshel reyxkansler Adolf Gitlerning kvartirasida ishlash uchun ishga qabul qilingan va u yerda elektr qurilmalari va aloqa vositalarining ishlashi uchun mas’ul bo‘lgan. 1945 yilning yanvar oyida ittifoqchi kuchlar Berlin tomon ishonch bilan oldinga siljiy boshlaydi va Germaniya havodan bombardimon qilinadi. Shuning uchun 16 yanvarda Gitler o‘zining yaqin doirasi bilan idorasining ostidagi bunkerga ko‘chib o‘tadi va Xentshel ham ular bilan birga harakatlanadi. 30 aprel kuni frontlardagi vaziyatni o‘zgartirish umididan voz kechib, Adolf Gitler va xotini Yeva Braun o‘z joniga qasd qiladi.

1 may kuni besh farzandini o‘ldirgandan so‘ng, Jozef va Magda Gebbels, so‘ngra Vermaxt Oliy qo‘mondonligi shtab boshlig‘i Gans Krebs va general Vilgelm Burgdorf o‘z joniga qasd qiladi. Bunkerning boshqa aholisi – harbiylar, shifokorlar va xodimlar shaharga bostirib kirgan sovet qo‘shinlaridan yashirinish umidida guruh bo‘lib bunkerni tark eta boshlaydi.

Bunkerda oxirgi qolganlar Yoxannes Xentshel va telefon operatori va Gitlerning sobiq qo‘riqchisi Roxus Mish edi. 2 may kuni erta tongda Mish ham bunkerni tark etishga qaror qiladi va Xentshelni u bilan birga ketishga taklif qiladi, ammo Yoxannes uning taklifini rad etadi. Bunkerning tepasida dala shifoxonasi tashkil etilgan va uni suv va elektr energiyasi bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan, Xentshel infratuzilmani saqlab qolish uchun joyida qolishga qaror qilgan. U bir necha soat yolg‘iz qolgan. Ertalab Qizil Armiya bunkerni egallab oladi va Xentshel hibsga olinadi. U ozodlikka chiqishdan oldin to‘rt yil umrini Sovet Ittifoqining qamoq lagerlarida o‘tkazadi.

                                                                Ikkinchi jahon urushining so‘nggi askari

1945 yilning sentyabr oyida Yaponiyaning taslim bo‘lishini tan olmagan va 1974 yilgacha Indoneziyada o‘zining “urushini” davom ettirgan Nakamura Teruo ko‘p yillar davomida urush tugaganidan bexabar holda yashagan. 1943 yilda Yaponiya armiyasiga chaqirilgan va Indoneziyadagi Morotay orolida xizmat qilgan. 1945 yil yanvar oyida AQSH kuchlarining Indoneziyadagi yakuniy g‘alabasidan so‘ng Tokio va Morotay o‘rtasidagi radio aloqasi yo‘qoldi.

Yaponiya komando bo‘linmalaridan birida xizmat qilgan Nakamura qo‘lga tushmaslikka muvaffaq bo‘ldi. U o‘rmonga qochib, u yerda o‘ziga kulba qurdi. Kartoshka ekkan va shu orqali hayotini saqlagan. 1974 yil sentyabr oyida to‘rt nafar indoneziyalik uchuvchi uning yashiringan joyini topdi. Ammo Yaponiyaning Jakartadagi elchixonasi bilan ikki oylik diplomatik muzokaralar olib borilib, yigirma yildan ko‘proq vaqtni to‘liq izolyatsiyada o‘tkazgan, Ikkinchi jahon urushi tugaganidan bexabar va o‘ldirilishiga ishongan odamni qutqarish rejasini ishlab chiqish kerak edi.

1974 yil 18 dekabr kuni ertalab Nakamura o‘zining kichkina kulbasidan chiqqanida, uni Indoneziya askarlari o‘rab oladi. Ular Yapon madhiyasini kuylash va Yaponiya imperatorlik bayrog‘ini hilpiratib, yalang‘och Nakamurani yashiringan joyidan olib chiqqan. Teruo askarlarga yaxshi saqlangan miltiq va oxirgi beshta o‘q-dorini topshirgan.

“Komandirim menga oxirigacha jang qilishni buyurdi”, deb tushuntirgan Nakamura ularga.

Asirga olinganda u 55 yoshda edi. Tayvanda tug‘ilgan Teruo Nakamura o‘zining jasorati, chidamliligi va qiyinchiliklarni yengish qobiliyati bilan mashhur bo‘lgan. Nakamura Tayvan endi Yaponiya yoki Xitoy emas, balki suveren davlat sifatida mavjud ekani haqida ma’lumotga ega bo‘lganida, “Men anchadan beri yapon bo‘lganman. Tayvan endi boshqa davlat ekanligi muhim emas”, deya javob qaytargan.


Maqola muallifi

Teglar

oxirgi odamlar Yoxannes Xentshel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar