Oxirgi 3 yilda 30 kishi oltin qazib olish jarayonida halok bo‘ldi – Senat
3-sahifa
−
28 noyabr 2023
4770O‘zbekistonda 2021-2022 yillar va joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida qimmatbaho metallarni qazib olish ishlari jarayonida xavfsizlik talablariga rioya etilmaganligi oqibatida qariyb 30 nafar fuqaro is gazidan yoki qum va tosh bosib qolib, vafot etgan. Bu haqda bugun, 28 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida so‘z bordi.
Majlisda yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishda qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi holati yuzasidan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi mas’ul rahbar xodimlarining axborotlari eshitildi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, oltin va qimmatbaho metallarni qonuniy qazib olishning afzalliklari yuzasidan vakolatli organlar tomonidan targ‘ibot ishlari yetarli darajada olib borilmaganligi oqibatida Toshkent, Namangan, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida aholi tomonidan ochiq maydonlarda oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari yildan-yilga ko‘paymoqda.
2020 yilda oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari yuzasidan 34 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 463 tani, 2022 yilda esa qariyb 1500 tani tashkil qilgan.
Ochiq maydonlarda qazib olish ishlari jarayonida xavfsizlik talablariga rioya etilmaganligi oqibatida 2021–2022 va 2023 yilning 10 oyida qariyb 30 nafar fuqaro is gazidan yoki qum va tosh bosib qolib, vafot etgan.
Bundan tashqari, ochiq maydonlarda noqonuniy oltin qazib olish jarayonlariga voyaga yetmaganlarni ham jalb qilish holatlari mavjud.
“Shu bilan birga, tarkibida oltin va qimmatbaho metallar bo‘lgan rudalarni noqonuniy qazib olish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 70-2-moddasi bilan qo‘llaniladigan jarima miqdori kam belgilanganligi ham mazkur yo‘nalishdagi qonunbuzilish holatlarining ayni bir shaxslar tomonidan takror sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi Senat axborotida.
Bildirilishicha, bugungi kunda 102 nafar jismoniy shaxs tomonidan qimmatbaho metallarni noqonuniy yo‘l bilan qazib olish holati takroriy sodir etilgan.
Bundan tashqari, “NKMK” AJ, “OKMK” AJ va boshqalar tomonidan zaxiraga olingan shaxta va karerlar atrofi o‘rab olinib, qo‘riqlanishi ta’minlanmagan.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining hududiy ekspeditsiyalari tomonidan shaxta va shtolnyalarni loyiha bo‘yicha ish tugatilgandan so‘ng o‘rnatilgan tartibda to‘liq yopish choralari ko‘rilmagan, bu esa mazkur hududlarda oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olayotgan fuqarolarga noqonuniy qazib olish ishlarini olib borishiga sharoit yaratmoqda.
Ma’danli toshlar tarkibida qimmatbaho metallar miqdorini aniqlash yuzasidan ekspertiza o‘tkazishga oid normativ–huquqiy hujjat mavjud emas.
Muhokamalardan so‘ng Qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mutasaddi vazirlik va idorlarni jalb qilgan holda sohadagi kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar ilgari surilgan.
Xususan, kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tegishli idoralararo “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, uning ijrosi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatish, yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishda amaldagi qonunchilik hujjatlarini, jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslaridagi tegishli javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqib, ularni takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 noyabr kuni Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida kon ishchisi tosh bosib qolishi oqibatida halok bo‘ldi. Voqea Buloqboshi tumani “Qaqir” MFY xududida joylashgan “Muhammad Tosh koni” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli konda sodir bo‘lgan.
LiveBarchasi