Oq uy Ukraina haqidagi bayonotlari sabab Ilon Maskni tekshirmoqchi
Olam
−
21 Oktabr 2022 7203 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati sayyoraning eng boy odami Ilon Maskning xatti-harakatlarida milliy xavfsizlikka tahdid borligini tekshirishi kerakmi yoki yo‘qligini muhokama qila boshladi. Bu haqda “Bloomberg” manbalarga tayanib xabar berdi.
Agentlik manbalarining so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar, xususan, Maskdan tashqari bir guruh xorijiy investorlar ishtirok etayotgan Twitter ijtimoiy tarmog‘ini sotib olish bo‘yicha kelishuvni, shuningdek, tadbirkorning “Starlink” sun’iy yo‘ldoshining Ukrainadagi faoliyati haqidagi bayonotlarini tekshirish haqida o‘ylamoqda.
“Bloomberg” manbalarining ta’kidlashicha, AQSH rasmiylari Maskning yaqinda Starlink sun’iy yo‘ldoshi orqali Ukraina bilan aloqalarini uzib qo‘yish tahdidi va biznesmenning “Prezident Vladimir Putin uchun foydali bo‘lgan tinchlik takliflari yozilgan bir qator tvitlaridan so‘ng Rossiyaga do‘stona munosabatda bo‘layotganidan” xavotirda.
Agentlik munozaralar dastlabki bosqichda ekanligini ta’kidladi. Amerika rasmiylari va razvedka idoralari Maskning xatti-harakatlarini tekshirishga qaror qilinsa, qanday vositalardan foydalanish mumkinligini ko‘rib chiqmoqda. Maskning bitimlari va operatsiyalarini tekshirishni AQSHdagi xorijiy investitsiyalar bo‘yicha qo‘mitaga topshirish varianti ko‘rib chiqilmoqda.
Tesla va SpaseX asoschisi Ilon Mask so‘nggi haftalarda Twitter’da Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqida bir qancha bayonotlar berdi, xususan, u anneksiya qilingan Qrim Rossiyaning bir qismi bo‘lib qolishi ko‘zda tutilgan tinchlik takliflarini bildirdi.
Shu bilan birga, SpaseX sentyabr oyida Pentagonga Ukraina uchun Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqalarini moliyalashtirishni to‘xtatmoqchi ekanligini aytgani ma’lum bo‘ldi. Maskning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya urush boshlanganidan beri bunga 80 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. 15 oktyabr kuni Mask SpaceX Ukrainada bepul ishlashda davom etishini ma’lum qildi.