Oq uy Rossiyaning ogohlantirishiga javob qaytardi
Olam
−
13 may 2022
22958NATO mudofaa tashkiloti, bosqinchilik emas, alyans Rossiyaga tahdid solmaydi. Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki rasmiy Moskvaning Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo‘shilish ehtimoliga bildirgan munosabatiga shunday javob qaytardi.
Psakining ta’kidlashicha, NATO, AQSH, Finlyandiya va Shvetsiya tomonidan Rossiyaga nisbatan hech qanday tajovuzkorlik yo‘q. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, Xelsinki va Stokgolm Vashingtonning xavfsizlik bo‘yicha uzoq yillik sheriklari bo‘lib, ittifoq bilan ko‘p yillardan beri hamkorlik qilib keladi.
Avvalroq Psaki Ukrainaning NATOga kirish istiqbollari haqidagi savolga javob bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH NATOning ochiq eshiklar siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Psakining ta’kidlashicha, Vashington har qanday davlatning ittifoqqa qo‘shilish istagini olqishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.
Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.
“Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Shimoliy Yevropa mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga hamda Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.
LiveBarchasi